Prezident chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga talab qancha, bu talabni qondirish uchun 2022 yilda qanday tizimli ishlar qilish kerak, degan savollarga birorta hudud rahbarida aniq tasavvur yo‘qligini tanqid qildi.

Prezidentning aytishicha, pandemiya davom etayotgani, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi kabi omillar dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini esa go‘sht, sut va tuxum kabi mahsulotlar tashkil etadi. Shu bois, chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish har kungidan ham dolzarb va ustuvor ahamiyat kasb etmoqda

«Biz „Inson qadri uchun“ tamoyili asosida kelgusi besh yilda kambag‘allikni kamida 2 baravarga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik», dedi prezident.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2019−2021 yillarda chorvachilik bo‘yicha 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi; 4,5 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi; naslchilik xo‘jaliklari soni 3 baravarga ko‘payib, 1 ming 414 taga yetdi; chorva mollari soni 1,2 millionga ko‘paydi.

Lekin, respublika bo‘yicha har 2 kishiga o‘rtacha 1 ta qoramol to‘g‘ri kelsa, bu ko‘rsatkich Namangan, Farg‘onada 4 kishiga 1 ta, Toshkent viloyati va Surxondaryoda 3 kishiga 1 tani tashkil etmoqda.

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryoda yirik chorvachilik xo‘jaliklarining soni qolgan hududlarga nisbatan 1,5−2 baravar kam.

Shu bilan birga, Mirziyoyev viloyat yoki tumanda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga talab qancha, bu talabni qondirish uchun 2022 yilda qanday tizimli ishlar qilish kerak, degan savollarga birorta hudud rahbarida aniq tasavvur yo‘qligini tanqid qildi.

Jumladan, Chortoq, Narpay, Urgut, Oltinsoy, O‘rtachirchiq va Urganch tumanlarida aholini go‘sht bilan ta’minlash darajasi 40%ga yetmasada, ushbu tuman hokimlari 2022 yilda aniq loyihalarni ishga tushirishni reja qilmagan.

Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o‘zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda chorvachilikda kamida 300 ming, qo‘y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1,2 million, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha imkoniyat va zaxira mavjud.

Chorvachilik va pillachilikda yig‘ilishda aytilgan vazifalarni bajarish va aytib o‘tilgan ish o‘rinlarini yaratishga shaxsan viloyat hokimlarining o‘zi mas’ul va javobgar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimlari, agrar soha rahbarlari uchun chorvachilik, qo‘ychilik, echkichilik, pilla va jun sanoati yo‘nalishida o‘quv seminari tashkil etish zarurligi qayd etildi.