Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident sohaga mas’ul «O‘zavtosanoat» AJ raisi Shavkat Umurzoqovga ishlab chiqarishni oshirish va aholimizning talabini to‘liq qondirish bo‘yicha tinimsiz ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, jahonda mikrochiplar ishlab chiqarish va xalqaro logistika bilan bog‘liq muammolardan kelib chiqib yangi yondashuv va yechimlar topish zarur.

Umuman, mashinasozlik tarmog‘i sanoatning «drayver» sohalaridan biri bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Bu borada, besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobil ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, eksportini esa 2 barobarga oshirish belgilab olingan.

Shu munosabat bilan 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, «UzAuto Motors» avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Shavkat Umurzoqov zimmasiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yo‘lga qo‘yib, sun’iy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» deputat Rasul Kusherbayev bilan ayni shu mavzudagi intervyuni e’lon qilgandi. U oldindan to‘lov ko‘pi bilan 50% bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

«Men bu masala bo‘yicha ikki yil avval materiallar chiqarganman. 1995 yilda qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra (PF-1154), 15% oldindan to‘lov asosida ham tovar xarid qilish mumkin deb ko‘rsatilgan edi. Oldindan to‘lovning eng kam miqdori 85 foiz emas edi. Shundan kelib chiqqan holda men 2020 yilda post yozgan edim», — degandi deputat.

«1995 yilda qabul qilingan farmonning 1-bandi men post yozgan vaqtda o‘z kuchida bo‘lgan, lekin baxtga qarshi, yaqinda uni o‘zgartirishga ulgurishibdi. Katta ehtimol bilan, shu masalani ko‘targanimizdan keyin UzAuto`dagilarmi yoki uni qo‘llovchilarmi bilib qolishgan shekilli, o‘sha farmondan 15% oldindan to‘lov qilish mumkinligi to‘g‘risidagi bandni olib tashlashibdi (ushbu band 2021 yil 14 sentabrdagi prezident farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — tahr.). Agar bu o‘zgarish qonun orqali bo‘lganida edi, o‘z urnida bunga qandaydir ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardik. Afsuski, bu qonun emas, prezident farmoni bo‘lgani uchun biz bilmaganmiz», — deya ta’kidlagandi Rasul Kusherbayev.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 20 dekabr kuni 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Kompaniya bu vaqt ichida avvalgi buyurtmalar yetkazib berilishini ma’lum qilib, xaridorlardan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Ko‘rsatilgan muddatda esa Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilish qayta tiklanmadi. «Gazeta.uz»ning avtomobil sanoatidagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchi 25 yanvar kuni kuzatilgan keng qamrovli elektr energiyasidagi uzilishlardan so‘ng, muammolarga duch kelgan. Elektr uzilishlari gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga olib kelgan, bu esa komponentlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning tizimli ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

«O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov O‘zbekistonda xorijiy avtomobillar importiga qo‘yilgan bojxona boji o‘ta yuqori degan fikrga qo‘shilishini ma’lum qilgandi. Uning fikricha, bojxona to‘lovini «qayta ko‘rib chiqish mumkin».