O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Telegram`dagi vatandoshlar uchun mo‘ljallangan guruhi orqali Ukraina hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi. Fuqarolardan diplomatik missiya bilan aloqada bo‘lib turish so‘ralgan. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.

Shu bilan birga, elchixona hamyurtlardan «tasdiqlanmagan, feyk ma’lumotlarni tarqatmaslikni va vahimaga berilmaslikni» so‘ragan.

«Elchixona Ukraina davlat organlari, diplomatik korpus va yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqada», — deyiladi murojaatda.

Fuqarolarda savollar paydo bo‘ladigan taqdirda, ular elchixonaga elektron pochtasi (embassy@uzbekistan.org.ua), telefon raqamlari (+38 044 5015000, +38 044 5014182) yoki diplomatlarning Telegram manzillari orqali murojaat qilishlari mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

Shuningdek, elchixona Uzbekistan airways aviakompaniyasi Kiyevga muntazam reyslarni amalga oshirayotgani va xohlagan fuqaro Kiyev-Toshkent yo‘nalishida O‘zbekistonga qaytishi mumkinligini bildirgan.

Agentlik xabarida aytilishicha, kecha, 13 fevral kuni Uzbekistan airways Toshkent-Kiyev-Toshkent yo‘nalishida muntazam aviaparvozni amalga oshirgan. Aviakompaniya saytida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki yo‘nalishda keyingi reyslar chorshanba (16 fevral) va yakshanba (20 fevral)ga rejalashtirilgan.