Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Surxondaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroni maktab internati direktori lavozimiga tayinlamoqchi bo‘lgan ikki nafar shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, Sho‘rchi tumanidagi Ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab internati direktorining o‘rinbosari U.Ya. fuqaro B.ga 13 ming AQSh dollari evaziga Xalq ta’limi boshqarmasida ishlovchi tanishi orqali o‘zi ishlaydigan internatga direktor lavozimiga tayinlatib berishni va’da qilgan.

U.Ya. so‘ralgan mablag‘dan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Direktor o‘rinbosarining ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, Surxondaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i B.E. ham 5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.