Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qalbaki hujjatlar orqali bankdan 4 mlrd so‘m kredit olgan shaxs ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Chirchiq shahar bo‘limining aniqlashicha, «G.I.» MCHJ rahbari J.E. boshqa bir korxonaga tegishli 3 qavatli noturar joy binosi internet saytlari orqali sotuvga qo‘yilganligidan foydalanib, obyektning kadastr hujjati, korxona rahbarining imzo va muhrini qalbakilashtirgan.

So‘ng ushbu hujjatlar orqali binoni garov ta’minoti sifatida qo‘yib, bankdan 4 mlrd so‘m kredit mablag‘ini olgan.

Tekshiruvda J.E. pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani, shuningdek, tijorat banki filiali mas’ul shaxslari J.E. tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni to‘liq o‘rganmaganligi hamda kredit mablag‘ining maqsadli sarflanishi monitoring qilinmaganligi oqibatida, tadbirkor va bank manfaatlariga 4 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani xabar qilinmoqda.