Import avtomobillar uchun bojxona boji 2 baravarga pasaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kungi yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda oshib borayotgan ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda kamida 160 mingta avtomobil ishlab chiqarish lozimligi ta’kidlandi.

Yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha nazorat o‘rnatish topshirildi.

«Shu bilan birga, aholimiz avtomobil bozorida takliflarni keskin oshirish bo‘yicha amaliy natijalarni hozir kutmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berildi.

Soha rahbarlariga 2022 yilda:

  • tannarxni kamida 5 foizga kamaytirish, 100 million dollarlik import o‘rnini bosish;
  • 23 loyiha doirasida 600 turdagi butlovchi qismlarni o‘zlashtirib, mahalliylashtirishni 48 foizdan 56 foizga oshirish;
  • 336 million dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirib, 3 ta loyihani («Tracker», «Onix» va yangi dvigatellar ishlab chiqarish) ishga tushirish lozimligi ko‘rsatildi.

Ichki talabdan kelib chiqib 2022 yilda 410 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda bu raqam tarmoqdagi mavjud imkoniyatlarga nisbatan ancha kamligi ta’kidlandi.

Shu bois avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirib, butlovchi qismlar hisobiga yillik eksportni 500 million dollarga yetkazish topshirig‘i berildi.

Bunda Rossiya va Qozog‘istonning yirik savdo tarmoqlari orqali butlovchi qismlar sotish tajribasini boshqa davlatlarda ham yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Avvalroq, ushbu yig‘ilishda davlat rahbari UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirilishini ma’lum qildi. «O‘zavtosanoat»ga 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish topshirig‘i berildi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 20 dekabr kuni 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Kompaniya bu vaqt ichida avvalgi buyurtmalar yetkazib berilishini ma’lum qilib, xaridorlardan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Ko‘rsatilgan muddatda esa Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilish qayta tiklanmadi. «Gazeta.uz»ning avtomobil sanoatidagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchi 25 yanvar kuni kuzatilgan keng qamrovli elektr energiyasidagi uzilishlardan so‘ng, muammolarga duch kelgan. Elektr uzilishlari gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga olib kelgan, bu esa komponentlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning tizimli ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» deputat Rasul Kusherbayev bilan ayni shu mavzudagi intervyuni e’lon qilgandi. U oldindan to‘lov ko‘pi bilan 50% bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

«O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov O‘zbekistonda xorijiy avtomobillar importiga qo‘yilgan bojxona boji o‘ta yuqori degan fikrga qo‘shilishini ma’lum qilgandi. Uning fikricha, bojxona to‘lovini «qayta ko‘rib chiqish mumkin».