13 fevraldan 14 fevralga o‘tar Brent markali neft narxi so‘nggi 7 yildagi maksimal ko‘rsatkichni yangiladi, deb xabar berdi Spot RBKga tayanib.

Brent markali neftning apreldagi operatsiyalari 2014 yil oktabr oyidan beri birinchi marta bir barrel uchun 96,05 dollargacha ko‘tarildi. Hozirda kotirovka bir barrel uchun 95,8 dollargacha pasaydi, lekin baribir juma kungi ko‘rsatkichdan 1,4 foizga o‘sdi.

AQSh neftining narxi ham oshib bormoqda — mart oyida yetkazib berilayotgan WTI neftining bir barreli 1,6 foizga qimmatlashib, 94,6 dollarni tashkil qildi. Bundan tashqari, kuzatuvchilar tabiiy gaz narxining oshishini qayd etishmoqda.

Uglevodorodlar talabning tiklanishi va boshqa omillar sharoitida 2021 yil boshidan buyon deyarli uzluksiz qimmatlashmoqda. 2022 yil yanvar oyining birinchi kunlarida uning narxiga Qozog‘istondagi vaziyat, oy o‘rtalarida — Yaqin Sharqdagi keskinlashuv ta’sir ko‘rsatdi.

Hozirda Fors ko‘rfazi mintaqasidagi vaziyatga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik qo‘shildi. Har ikki tomon bir necha haftadan beri chegarada qo‘shinlarini jamlab, bir-birini jangovar harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishda ayblamoqda.

«Umuman olganda, vaziyat qaltisligicha qolmoqda. Ta’minotning har qanday uzilishi yoki uzilish tahdidi, tabiiyki, ortiqcha oshirilgan narxlarni yanada oshiradi», — dedi JP Morgan Asset Management kompaniyasining Gonkongdagi vakolatxonasi tahlilchisi Marcyella Chou.

Agar ilgari ekspertlar mavjud zaxiralarning qisqarishi va sohaga yetarlicha sarmoya kiritilmagani tufayli 2021 yil oxirigacha neft narxi 100 dollargacha bo‘lishini kutgan bo‘lsa, hozir stavkalar sezilarli darajada oshdi. JP Morgan tahlilchilari narxlarning bir barrel uchun 150 dollargacha oshishini istisno qilmadi.

Bank narxlarning sakrashi bilan birinchi yarim yillikda global iqtisodiy o‘sish 0,9 foizgacha sekinlashishi haqida ogohlantirmoqda (4 foiz kutilgan edi). Inflyatsiya, aksincha, ikki baravar tezlashadi. Bu esa markaziy banklarni pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirishga undaydi.

Turli mamlakatlarda fond bozori indekslari qimmatli qog‘ozlarni sotish fonida pasayishni boshladi. S&P 500 deyarli 2 foizga, Tokioning Topix indeksi esa 2,5 foizga tushdi.

Neft va O‘zbekiston

Qimmat neft O‘zbekiston iqtisodiyotiga ikki tomonlama ta’sir ko‘rsatadi. Bunday vaziyatdan bir tomondan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari ham foyda ko‘radi.

Odatda, qora oltin uchun yuqori narxlarda Rossiya rubli dollarga nisbatan mustahkamlanadi. Bu O‘zbekiston uchun asosiy xorijiy valyuta manbalaridan biri bo‘lgan mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi (2021 yilda 8,1 mlrd dollar).

Ammo 12 fevralda keskinlashuv fonida dollar kursi 77,4 rublgacha ko‘tarildi. Shu bilan birga, 14 fevral kuni Rossiya valyutasi bozor ochilishida biroz mustahkamlandi.