13 fevral kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani Yangiobod ko‘chasida joylashgan «Yangiobod» bozor hududida yong‘in bo‘layotganligi to‘g‘risida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan, deya xabar berdi FVV matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 07:52 da yetib borib, yong‘in soat 08:11 da o‘rab olingan va soat 08:17 da bartaraf etilgan.

Yong‘in natijasida bozor hududida joylashgan oshxona, somsaxona va rastalarining taxminan 120 kvadrat metr maydondagi tomi, shifti va jihozlari yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanayotgani aytildi.