Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kungi videoselektor yig‘ilishida yo‘llar holati va infratuzilmasi ko‘p hollarda yo‘l harakatidagi muammolar, qoidabuzarliklar va avariyalarga sabab bo‘layotganini qayd etdi.

Jumladan, transport serqatnov bo‘lgan 2000 dan ortiq chorraha va 9500 ta piyoda o‘tish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmagan. Aholi punktlari uchun 15 ming kmga yaqin piyoda va veloyo‘laklar yetishmaydi. Hisoblash qanday amalga oshirilgani va qanchalik to‘g‘riligiga aniqlik kiritilmagan.

«Kecha Samarqand shahridagi 59-sonli ko‘zi ojizlar maxsus maktabida ovozli maxsus svetoforlar o‘rnatilganini ko‘rdim. Bunday tajribani barcha hududlarda joriy etishimiz shart», — dedi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonning shaharsozlik normalari va qoidalarida (SHNK 2.07.02−07) svetofor uskunalarini ko‘rish darajasi past bo‘lganda va ko‘zi ojiz shaxslarning xavfsizligini ta’minlan uchun sinxron ovozli signallarga ega bo‘lgan maxsus qurilmalar o‘rnatish lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, svetofor, belgilar bo‘yicha aholidan 10 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan.

Ayniqsa, Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo Samarqand, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida bu muammo dolzarb bo‘lib, piyoda ishtirokidagi avariyalar qolgan hududlardan yuqori. Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida eng ko‘p avariyalar sodir bo‘layotgan 2200 km xalqaro yo‘llar qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siq bilan jihozlanmagan.

Yo‘llardagi mavjud 400 mingta yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarining yarmi talabga javob bermaydi. Birgina Toshkent shahrida 15 mingta yo‘l belgilari yetishmaydi, 22 mingtasini yangilash talab etiladi, deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Vaholanki, respublika bo‘yicha yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqaradigan 1 dona korxona («Avtoyo‘l»ga qarashli «Avtoyo‘l belgi» korxonasi) mavjud bo‘lib, uning quvvatlari ehtiyojning 20 foizini ham qoplamaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Gazeta.uz» hukumat o‘zining qarori bilan ushbu korxonani yagona yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqaruvchiga aylantirganidan so‘ng, mamlakatda ushbu belgilarning tanqisligi kuzatilgani haqida yozgandi.

2017 yilda prezident qarori bilan IIVning yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘limlarini Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o‘tkazilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari videoselektorda har bir viloyat hokimligida 1 tadan yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlari chizishga mas’ul korxona bo‘lgani bilan ularning 80 foiz texnikasi eskirgan yoki yaroqsiz holda ekanligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda respublika bo‘yicha mavjud 3 mingga yaqin chorrahada svetoforlarning «yagona egasi» yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, Toshkent shahrida Katta va Kichik xalqa yo‘llari — «Avtoyo‘l»ga, poytaxt ichidagi 74 ta markaziy ko‘cha — shahar obodonlashtirishga, 5,2 mingta ko‘cha — tuman hokimliklariga, mahallalar, ko‘p qavatli uylar hududidagi yo‘llar shirkatlarga qaraydi.

Endi viloyat va tuman markazlaridagi yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar, yoritgichlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlar chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilash, umuman yo‘l harakati vositalarini tartibga solishga Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi mas’ul bo‘ladi. Sohadagi korxonalar hokimliklardan hududiy YXHXlarga (Yo‘ harakati xavfsizligi xizmati) o‘tkaziladi. O‘tkazishdan oldin viloyat hokimlariga korxonalarni texnika bilan ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, 2023 yil yakuniga qadar ushbu xizmatlar uchun autsorsingga ham yo‘l ochiladi, ya’ni raqobat bo‘ladi.

Bu boradagi ishlarni moliyalashtirish uchun YXHX tizimida «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika va viloyat jamg‘armalari tashkil etilishi ma’lum qilindi. Jamg‘armalar har yili kamida 400 mlrd so‘m tushadigan aniq manbalarga ega bo‘ladi.

Davlat rahbari misol tariqasida Farg‘ona viloyati tajribasini ko‘rsatib o‘tdi. Viloyat budjetidan 24 milliard so‘m ajratilib, 125 kilometr yo‘llarga yoritgich va nur qaytaruvchi vositalar, 24 ta piyoda yo‘laklariga svetofor, 107 tasiga «sun’iy do‘ngliklar» o‘rnatilgan.

Natijada viloyatda umumiy avariyalar 31 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 21 foizga, piyodalar ishtirokidagi hodisalar 37 foizga kamaygan.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga ichki ishlar boshliqlari bilan birga muammoli joylar, «avariya o‘choqlari»dan kelib chiqib, ularni bartaraf etish bo‘yicha oylik va choraklik manzilli dasturlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, yo‘l belgilarini ishlab chiqishda «O‘zavtoyo‘lbelgi» koxonasining monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, bu prezident raisligida aynan yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan birinchi yig‘ilishdir. Davlat rahbari yig‘ilishda yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

2021 yilda O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, unda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. Avariyalar oqibatida 2,5 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, shundan 263 nafar yosh bola hisoblanadi. Prezident videoselektorda Namangan viloyati IIB boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari YXHB boshliqlarini ishdan olishga ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, davlat rahbari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilishini aytdi. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bo‘ladi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlanadi. Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganadi.

Bundan tashqari, prezident Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjudligi, boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘qligini tanqid qildi. Shundan kelib chiqib, Toshkentda yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimi to‘liq poytaxt hokimiyati tasarrufiga o‘tkazilishi aytildi.