Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi diagnostika va davolash maskanida ro‘y bergan portlash oqibatida bir nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafari turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

11 fevral kuni soat 11:30 da «Ziteriya» MCHJ Diagnostika va davolash maskanining 1-qavatida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Yuzaga kelgan kinetik zarba natijasida bino devorlariga shikast yetgan, deya aniqlik kiritadi FVV.

Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi zudlik bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Shuningdek, hodisa joyiga FVV rahbariyati, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari yetib borgan.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.