Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari 40 ming dollar pora bilan ushlangani aytilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, hokimning birinchi o‘rinbosari Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli sug‘oriladigan 35 gektar yer maydonini sotish va hujjatlarni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga kelishilgan 90 000 AQSh dollaridan 40 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan birgalikda yer oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi «makler» ham qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229−6-moddasi (Sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaning 1-qismida BHMning 400 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Gumonlanuvchi protsessual tartibida ushlangani aytiladi.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar olayotganda ushlangani haqida xabar bergan edik. Hokimning Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan U. Ya. chorvachilik klasterini tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqaroga 1000 gektar yerni ajratishga va’da bergan va buning evaziga 80 ming dollar so‘ragan. Kelishilgan mablag‘dan 50 mingini olayotganda hokim o‘rinbosari ushlangan.