Qashqadaryo viloyatidagi tumanlardan biridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bosh shifokori 2000 AQSh dollari talab qilganlikda ayblanmoqda. Bu DXX tomonidan Qashqadaryoda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Mazkur tumandagi tibbiyot birlashmasiga qarashli avtomashinalar turarjoyidan davlat sherikchiligi assosida pullik avtoturargoh tashkil etish uchun tanishi orqali 20 sotix yer ajratilishida yordam berishiga ishontirgan. Buning evaziga esa 2 ming AQSh dollari talab qilgani, shundan 500 AQSh dollari va 10 mln so‘m pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

Jinoyat kodeksining 168 moddasi (firibgarlik) va 211 moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari fuqaroga 1000 gektar yerni ajratishga va’da berib, buning evaziga 80 ming dollar so‘raganligi aytilgandi. Hokim o‘rinbosari kelishilgan mablag‘dan 50 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yanvar o‘rtalarida Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroning o‘g‘liga nogironlik nafaqasini chiqarib berishni va’da qilib, buning evaziga 500 ming so‘m pora olgani aytilgandi. Kitob tuman sudi shifokorni aybli deb topib, unga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.