Jahon banki guruhi ishbilarmonlik muhitini baholash bo‘yicha yangi reytingning dastlabki konsepsiyasini taqdim etdi, deya xabar qildi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati.

«Biznes uchun qulay muhit» (Business Enabling Environment, BEE) loyihasi Doing Business xalqaro reytingining vorisi bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu nom brending ta’siri ko‘rib chiqilgandan so‘ng takomillashtiriladi, deya qayd etdi Jahon banki.

Dastlabki konsepsiya qaydnomalariga ko‘ra, BEE 3 jihatni baholaydi:

  • tartibga solish muhiti, uning shaffofligi, aniqligi, prognoz qilinishi, shuningdek, qo‘shimcha yuk (masalan, biznesni boshlash qoidalari);
  • davlat xizmatlari, muassasalar, infratuzilma va dasturlarning mavjudligi (masalan, tijorat shartnomalariga rioya qilish);
  • muayyan vazifalarning samaradorligi (masalan, ofisni Internetga ulash vaqti).

Taklif etilayotgan asosiy ma’lumotlar va BEE hisoboti ekspertlar ishtirokida ishlab chiqiladi, sinovdan o‘tkaziladi va amalga oshiriladi. Hukumat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatidagi potensial foydalanuvchilarning ehtiyojlari ham hisobga olinadi.

Jahon banki tashqi maslahatlashuvlar orqali respondentlarni biznes va investitsiya muhitini baholashga yangi yondashuv yuzasidan fikr bildirishga taklif qildi.

BEE haqidagi batafsil ma’lumot Jahon banki saytida mavjud. Konsepsiya muhokamasi 8 fevraldan 8 martgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning sentabrida Jahon banki Doing Business hisobotini oldingi reytinglardagi xatoliklar va manipulyatsiyalar sababli butunlay to‘xtatgan edi.

Jahon bankining Doing Business 2020 yillik hisobotida O‘zbekiston 69-pog‘onaga ko‘tarilib, biznes muhitni yaxshilashda eng katta muvaffaqiyatga erishgan 20 ta eng yaxshi davlatlar qatoriga kirgan edi. 2018 yilning iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan mamlakatda tadbirkorlik uchun sharoitlar yaratish va shu orqali 2022 yilda ushbu reytingda eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.