O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning Afg‘onistondagi jarayon haqidagi savollariga javob berdi.

«Bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi — ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Ya’ni, oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart (va ular juda ko‘p). Bular xalqaro hamjamiyat qo‘yayotgan deyarli o‘sha shart va talablardir», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Tashqi ishlar vaziri xalqaro hamjamiyat ham Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerakligini ta’kidladi. «Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, ta’sir o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida ma’lumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, o‘zgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin», — deya fikr bildirdi diplomat.

O‘zbekiston eng og‘ir davrlarda ham Afg‘oniston vakillari bilan aloqalarni to‘xtatmagani, bugunga kelib savdo-iqtisodiy hamkorlik davom ettirilayotgani, jumladan, energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida ham jiddiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani qo‘shimcha qilindi.

«Tashqi ishlar vaziri timsolida Latviya tomoni ham, Yevropa Ittifoqi rahbariyati, jumladan, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ham yakdil fikr bildirmoqda, ya’ni bugungi kundagi asosiy vazifa — Afg‘onistonda gumanitar halokatning oldini olishdir. Vaziyatning keskinlashishi jamiyatda radikallashuv, turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar, ekstremizm kuchlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin», — deya ta’kidladi Kamilov.

TIV rahbari O‘zbekiston va Latviyaning Afg‘oniston masalasidagi umumiy manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan hamohangligini bildirdi.

«Bu esa, ayni paytda qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda. Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga, o‘z shartlarimizga amal qilinishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur», — deydi Kamilov.

U Afg‘onistondagi gumanitar falokatning oldini olish borasida O‘zbekiston tomonidan tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatilayotgani muhim omil ekanligini qayd etdi. O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan chegara hududi infratuzilma imkoniyatlaridan foydalangan holda Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini tashkillashtirilgan ravishda yetkazib berish uchun Termiz shahrida ko‘p funksiyali xalqaro transport xabi tashkil etilgani aytildi.

Kamilovning ta’kidlashicha, Afg‘oniston bo‘yicha yetarli tajribaga ega bo‘lgan Latviya o‘zaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish istagini bildirgan.

Oldinroq O‘zbekiston rahbariyati xalqaro hamjamiyatni bir necha marotaba Afg‘onistonga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga (1, 2), mamlakatning xorij banklarida muzlatilgan aktivlarini qaytarishga chaqirgan edi.