Yanvar oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi 9,8 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi 13,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iste’mol tovarlari narxlarining o‘zgarishi aholining turli daromadli guruhlarida har xil qiymatga ega bo‘lgan. Bu haqda Markaziy bankning «2022 yilning yanvar oyida aholining daromadlar kesimida inflyatsiya darajasi va sezilgan inflyatsiya sharhi»da so‘z boradi.

Manba: Markaziy bank ma’lumotlari

Xususan, yanvar oyida jon boshiga 2 mln so‘mgacha daromadga ega uy xo‘jaliklari guruhlarining oziq-ovqat inflyatsiyasi 14,2 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2 mlndan 4 mln so‘mgacha daromadga ega xo‘jaliklarda 10,9 foizni, daromadi 5 mlndan oshgan oilalarda esa 7,8 foiz miqdorida qayd etilgan.

Bundan ko‘rinadiki, daromadlari nisbatan ko‘proq bo‘lgan uy xo‘jaliklarida inflyatsiya daromadi pastroq bo‘lganlariga nisbatan 1,8 barobarga kamroq bo‘lgan. Ta’kidlash kerakki, bunda daromadlar o‘rtasidagi farq ham 2,5 barobarni tashkil qiladi.

Daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan oilalar xarajatlarining 60 foizi oziq-ovqatga sarflagan. Yuqori daromadli guruhlarda esa bu ko‘rsatkich 30 foizdan ko‘proq bo‘lgan.

Kam daromadli guruhlar xarajatlari tarkibida oziq-ovqatga yo‘naltirilgan qismi yuqori daromadli guruhnikidan 1,7 barobar ko‘proq bo‘lgan. Yuqori daromadli guruhda bu ko‘rsatkich 40 foizga kam shakllangan.

O‘z navbatida, bu nisbatan kam daromadli aholi xarajatlari tarkibida narxlari yuqori o‘sgan mahsulotlar ulushining kattaligi, ular tomonidan narxlar o‘sishini ko‘proq sezilishiga sabab bo‘lmoqda. Guruhlar bo‘yicha inflyatsiya darajasi oylar kesimida tahlil qilinganda, inflyatsiya ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan davrda ya’ni fevral-aprel va oktabr-dekabr oylarida daromadlari nisbatan kamroq aholi guruhlari iste’mol tovarlari oylik inflyatsiyasi yuqori darajada shakllangan bo‘lsa, narxlarning mavsumiy arzonlashish davrida, ya’ni may-avgust oylarida ushbu guruh vakillari uchun oylik inflyatsiya darajasi ko‘proq pasaygan.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan 2022 yildan boshlab aholi tomonidan eng ko‘p iste’mol qilinadigan va yashash uchun zaruriy hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlarning — ijtimoiy tovarlarning narxlari o‘zgarishini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.

2022 yilning yanvar oyida ham ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi umumiy inflyatsiyadan yuqori shakllanib, 13,4 foizni tashkil etdi. Hozirda ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi bilan umumiy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut 2021 yilning avgust oyida 10 foiz bandgacha kengaygan bo‘lsa, 2022 yilning yanvar oyida — 3,6 foiz bandgacha qisqargani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank tomonidan 2021 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya oraliq maqsadli ko‘rsatkich darajasida — 10% bo‘lgani ma’lum qilingandi. Biroq 2022 yil yakuniga qadar iqtisodiyotda saqlanib qolayotgan «nisbatan qat’iy» pul-kredit siyosati inflyatsiyaning pasayishiga xizmat qiladi.