2021 yil yakuniga ko‘ra, IT Park rezidentlari soni 523 nafarni tashkil etdi, deb xabar berdi texnopark matbuot xizmati.

2021 yilda 221 ta kompaniya rezident bo‘lib qo‘shilgan, ulardan 104 tasi faoliyati 2021 yilning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan. Yana 88 ta kompaniyaga rezidentlik maqomi berilmadi, 124 ta kompaniya rezidentlikdan mahrum etildi.

IT Park rezidentlari faoliyatining asosiy qismi poytaxtda to‘plangan — bu maqomga ega bo‘lgan kompaniyalarning 80 foizdan ortig‘i shu yerda ofislariga ega. O‘zbekistonning boshqa hududlarida bor-yo‘g‘i 92 ta korxona mavjud.

Hozirga qadar IT Park’dagi korxonalarning aksariyati o‘zbekistonliklar tomonidan yaratilgan — xorij sarmoyasi ishtirokida atigi 18 ta kompaniya tashkil etilgan.

Texnopark rezidentlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, ma’lumotlarni qayta ishlash, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va IT-mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi. Ushbu kompaniyalarda jami 10 mingga yaqin kishi ishlaydi, shu jumladan ularning 7400 tasi dasturchilar hisoblanadi.

Yil davomida IT Park rezident kompaniyalari tomonidan 2,5 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgani aytildi. Bu miqdorning qariyb 20 foizi yoki 46 mln dollar eksport hissasiga to‘g‘ri keladi. Eksport ko‘rsatkichi 2020 yilgidan 2,8 barobar ko‘proqni tashkil qildi.

Spot nashrining yozishicha, 2022 yilda eksport hajmini 80 mln dollarga, 2025 yilda esa 500 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Texnoparkning 104 nafar rezidenti xorijda xizmatlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, shundan 59 nafari ishlab chiquvchi va 45 nafari autsorsing sohasida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, eksport tushumining 62 foizini autsorsing xizmatlari tashkil qiladi.

Mamlakatlar bo‘yicha eksport taqsimlanishida AQSh yetakchilik qiladi. Jami eksportning 83,2 foizi ushbu mamlakat hisobiga to‘g‘ri keladi. Eksport hajmining 5,2 foizi Buyuk Britaniya, 3,2 foizi Rossiya, 2,1 foizi Janubiy Koreya mamlakatlariga tegishli hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning iyun oyida IT Park direksiyasi o‘z majburiyatlarini bajarmagan 27 ta kompaniyaning maqomini bekor qilgani haqida xabar berilgandi. Rezidentlik maqomi bekor qilingan kompaniyalarning orasida — Oson Apteka, Hoop Club, Invan Soft, Filosofiya IT, Imenu, School-Service va boshqalar bor edi.