Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari fuqaroga yer olib berish uchun pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat hokimi Murodjon Azimov yig‘ilishda ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 2021 yil sentabr oyidan hokimning Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan U. Ya. chorvachilik klasterini tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqaroga 1000 gektar yerni ajratishga va’da bergan va buning evaziga 80 ming dollar so‘ragan. Kelishilgan mablag‘dan 50 mingini olayotganda hokim o‘rinbosari ushlangan.

Ayni vaqtda Bosh prokuratura U.Ya.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Qashqadaryo viloyati Murodjon Azimov qator masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash boshlanganini e’lon qilgan.

«Bugundan viloyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash boshlanganini e’lon qilmoqchiman. Endi ishxonamiz sha’ni deb yashirib o‘tirishni yig‘ishtiradi hamma tashkilotlar. Tashkilot yoki hokimlik sha’nini emas, davlatimiz sha’ni va rivojlanishi o‘ylasak, yaxshi bo‘lar edi», — dedi u.

Viloyat hokimi hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilinganligini eslatdi.

«Bu ishda tuman hokimini ham oqlamayman. Ijtimoy tarmoqlarni o‘qidingizmi, Sh. Sanayev, „baliq boshidan“ degan gaplar chiqayapti. Afsuski, bu gaplarda jon bor. Mirishkorga borganimda nuroniylar yo‘limga chiqib, tuman markaziga ichimlik suvi olib keling, degandi. Shu ishlar bilan shug‘illanmasdan faqat o‘zini o‘ylaydigan, tez boyishni o‘ylaydigan jamoa yig‘ilganmi hokimlikda?», — deb so‘radi Murodjon Azimov.

Keyin hokim Sherali Sanayevga murojaat qildi: «Siz tajribali va halol hokimsiz. Xodimlaringizni ham nazorat qiling, qattiq ushlang, qonun ustivor bo‘lishi kerak siz rahbar bo‘lgan joyda».

«Prezidentimiz bot-bot „afsuski, jamiyatimizda korrutsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi“, deya ta’kidlaydilar», — dedi u. Murodjon Azimov prezident topshiriqlari ijrosini bajarmagan, e’tiborsiz qaragan har qanday rahbar vazifasidan ozod etilishini ta’kidladi.

Murodjon Azimov viloyat va tuman (shahar) hokimliklarida ishlaydigan barcha xodimlar o‘rganib chiqilishini qayd etdi. «„Ishingizni hal qilib beraman“ deydigan ishbilarmon xodimlardan shu soniyani o‘zida voz kechiladi», — dedi u.

«Ishlamaydigan ko‘cha odamlari ham ayrim tuman hokimliklariga kirib chiqayotgani haqida ham xabarim bor. Aslida, sizlar unday odamlarni yaxshi ko‘rasizlar, men esa unday zararkunandalarni yomon ko‘raman, rivojlanishga g‘ov bo‘layotganlar qatorida ular ham turadi. Hokimliklarga kirish-chiqish masalalari ham to‘liq nazoratga olinadi», — dedi Qashqadaryo hokimi.

Viloyat hokimi bir nechta hududiy hokimlarni ham aybini, kirdikorini yoki o‘z vazifasini vijdonan bajarmaganini bo‘yniga qo‘yib, ishdan olishni boshlaganini ma’lum qildi. «Huquqiy o‘rganishlar tugasin, ko‘p narsalarni eshitasizlar», — dedi u.