Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 4 fevral kuni Senatning 23-yalpi majlisida prezident farmoni bilan hokimlarning yer ajratishiga taqiq qo‘yilganligiga qaramasdan, Toshkent viloyatining 2021 yil 7 oktabrdagi qarori bilan tadbirkorga 781 gektar yer maydonini noqonuniy tarzda vaqtincha biriktirib berilganini ta’kidlagandi.

Toshkent viloyati hokimligi esa yer Yer kodeksi asosida tadbirkorga ushbu yer qurilish ishlari boshlangunga qadar boshoqli don ekinlarini ekish uchun vaqtincha biriktirib berilganini ma’lum qildi. Qolaversa, munosabatda «qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni berish yuzasidan ma’muriy reglament ishlab chiqilmagani, hududiy adliya organlari tomonidan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazilish mexanizmi yaratilmaganini ham nazarda tutish lozimligi» qayd etilgan.

7 fevral kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir mazkur masalaga yana bir bor to‘xtalib, izoh berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Bu qaror qabul qilingan paytda (qishloq xo‘jaligi yerlarini) tanlovga chiqarish mexanizmlari bo‘lmagan. Lekin, yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratishni to‘xtatish to‘g‘risida bevosita prezident farmonida yozilgan bo‘lgan. Mexanizmlari yo‘q, lekin yer berilmasin deyilgan. Endi u yerda „bu obyektiv holat, biz biriktirib berdik“, degan gapni [Toshkent viloyati hokimligi] aytishayapti», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazir kimga ishonish-ishonmaslik haqida gapirishdan oldin pozitsiyalarni to‘g‘ri tahlil qilish kerakligini aytdi. «Aytilayotgan asoslarga qarash kerak. Biz aytayapmizku, prezident farmonida taqiq qo‘yilgan, hech qanaqa istisno yo‘q. Lekin yerdan vaqtincha biriktirib, shu yerdan foydalanib qolaylik deganiga ham biz asos yo‘q, deyapmiz. Chunki bizni manbamiz, prezident farmoni. U qonundan keyin eng katta qonun osti hujjat hisoblanadi», — dedi u.

«Buni oqibatida taqdimnoma berdik, bajarilmadi. Yaxshi bajarmasa, bizni taqdimnomani bajarish shart emas, ko‘rib chiqish shart. Sudga berdik, sudda ko‘rib chiqiladi», — dedi u.

Jurnalist Feruza Najmiddinova «Toshkent viloyati hokimligi adliya vaziriga qarshi munosabat bildirgani, vazir noto‘g‘ri gapirdi deganini» aytib, undan izoh so‘radi.

Ruslanbek Davletov bunga javoban : «Men endi borib do‘pposlamayman-ku. Gapiraversin, shuning uchun ham sudda gaplashamiz. Lekin, hammani pozitsiyasi bo‘lishi kerak. Bilasizmi, haqiqat shunaqa qiyin konsepsiyasiki, hozir ko‘p davlatlar haqiqat orqasidan quvmaydi. Asos va isbotni orqasidan quvadi. Siz o‘zingizni ishingizni asoslab, isbotlab bersangiz, yutib chiqasiz».

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘p holatda, haqiqatga erishish juda qiyin».

«Advokatlar kuchayib, o‘zini sohasini isbotlab bersa, o‘shanda shunday bo‘ladi. Biz ham hali kamchilikdan xoli tashkilot emasmiz, hech kim ideal darajaga yetib kelgani yo‘q. unday qilib kelganimizda bunday rivojlanish darajasi bo‘lmas edi, ancha kuchaygan bo‘lar edik», — dedi u.