Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyati bojxona postlarida mamlakat hududiga qurol-yarog‘ va o‘q dori vositalarini olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro Ye.A. boshqaruvidagi «Toyota Land Cruiser» rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Tekshiruvda avtomashinada tegishli hujjatlari va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 1 dona pnevmatik to‘pponcha, 2 dona pnevmatik to‘pponcha uchun gaz balon hamda 310 dona pnevmatik o‘qlar borligi aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «S.Najimov» chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro A.I. boshqaruvidagi avtotransport vositasi yukxonasidagi chang yutgich ichida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 1 dona pnevmatik to‘pponcha hamda 243 dona pnevmatik to‘pponcha uchun mo‘ljallangan o‘qlar topilgan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi «Farg‘ona aeroporti» chegara bojxona postida xorijdan uchib kelgan fuqaro D.J.ga tegishli yuklar orasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2 dona 12 kalibrli ov qurollari borligi ma’lum bo‘lgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilayotgani aytildi.