5 fevral kuni Pekinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy uchrashuvi qishki Olimpiada doirasida Xitoy poytaxtidagi Butunxitoy xalq vakillari kengashi uyida bo‘lib o‘tdi.

Tashrif chog‘ida besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturi imzolandi. Tovar ayirboshlash 2021 yil yakuniga ko‘ra rekord ko‘rsatkichga yetgani qayd etildi. Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan jami investitsiyalar hajmi 9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ikki davlat rahbarlari kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afg‘onistonda tez fursatda tinchlik o‘rnatilishiga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish masalasi ko‘rib chiqildi.

Rais Si Szinpin Xitoy O‘zbekiston bilan pandemiyaga qarshi kurash va qashshoqlikni qisqartirishda hamkorlik qilishga, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini aytdi, deb yozdi «Sinxua» axborot agentligi.

Uning ta’kidlashicha, XXR O‘zbekistonga «zamonaviy sanoat tizimini barpo etish», «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni jadallashtirishda ham yordam berishga tayyor va uni tezroq ishga tushirish tarafdori.

Si Szinpin mamlakatlar tabiiy gaz va qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Agentlik xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Xitoyga Markaziy Osiyoda birinchi vaksina ishlab chiqarish markazini yaratgani uchun minnatdorlik bildirib, «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasi doirasida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.

2020 yil kuzida O‘zbekiston Xitoy bilan kambag‘allikni qisqartirish sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekani ma’lum qilingan edi. Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi buning uchun Xitoydan maslahatchi jalb qilishni rejalashtirgan.