Toshkentning Sergeli tumanida 4 fevral kuni Autodriver Study kompaniyasining haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Xuddi shu kundan boshlab IIBB YHXB ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni qabul qilish to‘xtatildi.

Inson omilisiz

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar topshirishning yangi tizimining farqi shundaki, imtihonlar inson omilisiz, ya’ni to‘liq avtomatlashtirilgan holda o‘tkaziladi va baholanadi.

Yangi tizimni joriy etish O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida (PQ-4913) ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjat bilan 2021 yil 1 apreldan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilgan edi.

Biroq oradan bir yarim yil o‘tibgina birinchi xususiy imtihon markazi ochildi. Uning ochilishi esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqinda mamlakatdagi avtomaktablar faoliyati tanqid qilingan vaqt bilan to‘g‘ri keldi. 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda u: «Nimaga kuyib-pishmaymiz? Nimaga o‘lim ko‘payyapti?.. Darsga bormasdan guvohnomani olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi?» — degan edi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev 3 fevral kuni yangi markaz ochilishida so‘zga chiqib, «prezidentning achchiq so‘zlarini» esga olgan, kamchiliklarni tan olib: «Endi puli yoki tanishi borlar emas, faqat bilimi borlargina rulga o‘tiradi, yo‘lga chiqadi va biz bundan boshqasiga rozi emasmiz va bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz», — degan edi.

IIV rahbariyati vakili markazning ochiligini mamlakat prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va sa’y-harakatlar natijasi bilan bog‘ladi.

«Jarayon shaffofligini ta’minlash, korrupsiogen vaziyatlardan ogohlantirish uchun Toshkent imtihon markaziga buyuk britaniyalik mutaxassis rahbar etib tayinlandi», — deya ma’lum qildi ayni vaqtda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tarkibidagi departament rahbari.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».


"Endi tasavvur qiling, agar imtihon tizimi shaffof va adolatli bo‘lsa, faqat o‘qigan va yetarli malakaga ega bo‘lgan fuqarolargina haydovchilik guvohnomasini olsa-yu, qolganlar yoppasiga imtihondan yiqilishni boshlasa, bu bizga nima beradi? Birinchidan, bu teskari zanjir reaksiyasini hosil qiladi va avtomaktablardagi ta’lim sifati oshishiga olib keladi. Chunki hozir avtomaktablar asosan narxning arzon va qimmatligi bo‘yicha raqobatlashib qolgan, xolos. Ko‘pchilik fuqarolarni ham, avtomaktablar ma’muriyatini ham ta’lim sifati unchalik o‘ylantirmay qo‘ygan. Lekin endilikda imtihondan pul, tanish-bilish orqali topshirishning imkonini qila olmagach, o‘z-o‘zidan o‘qishga majbur bo‘ladi, mas’uliyatsiz avtomaktablar esa yoki ishini yig‘ishtiradi, yoki va nihoyat sifatli ta’lim berishni boshlaydi", — dedi Abdullayev.

Bekmurod Abdullayev imtihon jarayonlari qat’iy nazorat ostida, inson omilidan holi tarzda olinishi boshlangach, imtihondan yiqiluvchilar soni va bundan norozilar soni ko‘p bo‘lishi tabiiyligini ta’kidladi.

«Hozir ko‘p avtomaktablarimizda bilim berish sifati past, bundan tashqari, ming afsuslar bo‘lsin-ki, o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasini olish mumkin ekanligi xalqimizning ongiga singib ketgan va insonlarning dunyoqarashini birdaniga o‘zgartirish ham qiyin masala. Ko‘pchilik o‘qish o‘rniga tanish qidirishi ham ayni haqiqat. Bu kabi imtihon markazlari ish boshlagandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda imtihondan yiqilganlar (tomonidan) e’tirozli holatlar ko‘payishi, qolaversa, inson omilidan holi tizimning yo‘lga qo‘yilishi, ayniqsa, eski tizimdan manfaatdor ayrim insonlarga yoqmasligi tabiiy, ammo biz bunga ruhan tayyormiz. Yangi imtihon markazlari bo‘yicha har qanaqa asosli e’tiroz va tanqidlar bo‘lsa, biz buni to‘g‘ri qabul qilamiz hamda xalqimizga, jurnalistlarga, blogerlarga doim ochiqmiz», — deya xulosa qildi IIV vakili.

Ta’kidlanishicha, 2022−2023 yillarda O‘zbekistonning barcha hududlarida haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan imtihon markazlari quriladi va o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Autodriver Study kompaniyasi haqida

Yagona imtihon markazi (Toshkent Imtihon Markazi, TIM) tadbirkorlik subyekti huquqi asosida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi kompaniya bo‘ldi. Uning saytida kompaniya rahbari sifatida Deniyel Byork ko‘rsatilgan.

3 fevral kuni saytning «Biz haqimizda» bo‘limida AVHT 1895 sonli litsenziya 2022 yil 2 fevralida qo‘lga kiritgani haqida ma’lumot berilgan edi. Biroq hozirda ushbu ma’lumot m.avjud emas.

KTYARD ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Autodriver Study avtmaktabi 2017 yil 6 oktabrda ro‘yxatga olingan. Rahbar sifatida Deniyel Byork (Burke Daniyel James) ko‘rsatilgan, yagona ta’sischi — Dilshod Shuhratovich Jo‘rayev.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Web.Archive ma’lumotlariga tayanib, Autodriver Study avtomaktabining ikkita filiali borligini, ulardan biri ushbu markaz o‘rnida, ikkinchisi esa Alisher Navoiy ko‘chasi 1-uyda (xuddi shu manzilda «Avtotest» innovatsion avtmaktabi filiallaridan biri joylashgan edi) joylashganini ma’lum qildi.

Dilshod Jo‘rayev bir vaqtning o‘zida 2017 yil oktabr va noyabrida ro‘yxatga olingan Nurafshon Yo’l Avtomaktabi va Innodriver Study avtomaktablarining ham egasi hisoblanadi. Innodriver Study yuridik manzili Avtotest, Avtotest 2.0 va Avtotest Obey Rules savdo belgilariga egalik qiladigan Avtotest Report kompaniyasi manzili bilan mos tushadi — Toshkentning Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasi 21-uy.

E’tiborlisi, mazkur binoning orqa qismida, Taras Shevchenko ko‘chasi 23-uyda Milliy TV telekanali ofisi joylashgan.

Avtotest maktablari asoschisi (hozirda u yerda ta’sischi sifatida Irodaxon Ismailova ko‘rsatilgan) va Milliy TV telekanalining amaldagi ta’sischisi (66,7%) — Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.

2021 yilning 10 oyi davomida O‘zbekistonda 7681 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ularda 1964 kishi halok bo‘lgan, 6886 kishi tan jarohati olgan. Bu ko‘rsatkichlar uzoq muddatli karantin cheklovlari amal qilgan 2020 yildagi ko‘rsatkichlardan oshib ketgan.

Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari — yo‘llarning noto‘g‘ri tashkil etilishi va nosozligi — 1782 ta (23,2%), piyodalar o‘tish joylari yo‘qligi sababli yo‘llarni belgilanmagan joylardan kesib o‘tishda — 1705 ta (22,2%) va belgilangan tezlik chegarasi talablariga rioya qilmaslik — 1221 (15,9%) sabab bo‘lmoqda.