Farg‘ona viloyatining Quva savdo kompleksida yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in bozor ichidagi 25 ta kiyim-kechak do‘konida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Hodisa 1 fevral kuni soat 06:23 da Quva tumani “G‘alaba” MFY Bo‘ston ko‘chasida joylashgan Quva savdo kompleksida sodir bo‘lgan.

Unda taxminan 25 ta kiyim-kechak do‘konining tomi, shifti va ichki qismi yongan. Voqea joyiga viloyat hamda tuman FVBlarining rahbar xodimlari va 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.

Ular voqea joyiga soat 06:27 da yetib borib, yong‘inni 07:10 da qurshab olgan. Olov 20 daqiqadan so‘ng o‘chirilgan. Hodisa oqibatida fuqarolarning tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan, deyiladi xabarda.

Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.