Ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ (UzMRC) matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, ipoteka bozorini takomillashtirish maqsadida Moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki xamkorligida O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi va uni 2019 — 2021 yillarda amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan edi.

Dasturga ko‘ra, kompaniya faoliyatini boshlash uchun dastlabki bosqichda OTBning 150 mln dollar miqdoridagi qarz mablag‘lari tijorat banklarining maqbul ipoteka kreditlari portfelini qayta moliyalashtirish uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu resurslarni bosqichma-bosqich 2023 yilning birinchi choragi yakuniga qadar o‘zlashtirish rejalashtirilgan edi.

«Biroq aholining ipoteka krediti hisobiga ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olishga bo‘lgan katta qiziqishi hamda tijorat banklari tomonidan aholining ushbu talabini qondirish maqsadida faol kreditlar ajratishi natijasida dasturda nazarda tutilgan mablag‘lar muddatidan avval, ya’ni 2022 yilning birinchi choragi davomida o‘zlashtirib bo‘linishi kutilmoqda», — deyiladi kompaniya xabarida.

Bu haqda tijorat banklari 2021 yilning dekabr oyida dastur bo‘yicha qoldiq mavjud resurslar doirasida yetarlicha maqbul ipoteka krediti portfellari shakllantirishi lozimligi yuzasidan kompaniya tarafidan yozma ravishda xabardor qilingani ta’kidlandi.

Bugungi kunda kompaniya Moliya vazirligi va boshqa institutlar bilan birgalikda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan ham, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish maqsadida resurslarni jalb qilish bo‘yicha faol ravishda tegishli ishlarni olib bormoqda.

«Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, moliyalashtirish manbalari aniqlangunga qadar, kompaniya ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni vaqtinchalik to‘xtatib turibdi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, banklar maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish ishlari tiklanganligi to‘g‘risida kompaniya tomonidan tegishli ravishda kelajakda xabardor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2021 yilda tijorat banklari tomonidan 59,5 mingdan ziyod fuqaroga qariyb 9,8 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgani haqida xabar berilgandi. Oxirgi 5 yilda esa aholiga jami 35,6 trln so‘m miqdorida shu turdagi kreditlar berilgan. Shuningdek, ipoteka kreditlari qoldig‘i 35,8 trln so‘mga yetgan.

Shu bilan birgalikda, 2021 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining moliyalashtirish manbalari orasida asosiy ulush Moliya vazirligi mablag‘lari (6,97 trln so‘m) hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari (1,96 trln so‘m) hamda banklarning o‘z mablag‘lari (867,1 mlrd so‘m) ham moliyalashtirish manbalari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.