Bugun, 27 yanvar kuni ertalab soat 9:00 dan shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat hududlarda gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

«Ayni damda Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari bundan mustasno bo‘lib, ushbu hududlarda gaz ta’minotining ish rejimini tiklash ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ertaga ertalabdan boshlab respublikamizdagi barcha gaz quyish shoxobchalari ish faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Energetika vazirligi 26 yanvardan boshlab avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanishi, yuridik iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish esa to‘xtatilishini ma’lum qilgandi. Elektr energiya va tabiiy gaz to‘liq hajmda IES, ijtimoiy soha obyektlari va aholiga yetkazib beriladi.

Buning oqibatida esa Samarqand va Namanganda jamoat transporti qatnovidagi avtobuslar harakati to‘xtab qoldi, Qoraqalpog‘istonda esa ular AGTKSHlardagi navbatlarda qolib ketmoqda.