SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev 25 yanvar kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishlar poytaxtdagi yirik tibbiy markazlar faoliyati va ularda uzluksiz operatsiyalar o‘tkazilishiga xavf tug‘dirmasligini ma’lum qildi.

“Xavotirga o‘rin yo‘q. Barcha operatsion bloklar zamonaviy tarzda jihozlangan va qo‘shimcha ta’minot generatorlariga ulangan. Bir manbadan uzilish darhol ikkinchisi ulanishiga sabab bo‘ladi. Albatta, yordamchi dizel generatorlar bilan uzoq vaqt ishlab turish qiyin. Lekin tez orada umumiy ta’minot tiklanishiga umid qilamiz. Keyingi jarrohlik amaliyotlari shunga qarab rejalashtiriladi. Bundan tashqari, vazir tomonidan tezkor chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Tibbiy maskanlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi”, — degan u.

O‘zbekiston energetika vazirligi ushbu holatga Qozog‘istondagi energotizimda ro‘y bergan avariyani sabab qilib keltirgan. Shuningdek, FVV fuqarolardan gaz va elektr moslamalarini tarmoqdan vaqtincha uzishni so‘ragan.