Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonga kirishda koronavirusga ekspress test olish tartibi bekor qilindi, deb xabar berdi SSV.

25 yanvardan xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilarning kamida 48 soat oldin topshirgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirda, xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil (piyodalar) o‘tkazish chegara punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari talabi bekor qilindi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Uzbekistan Airports matbuot xizmati Respublika maxsus komissiyasi «omikron» shtammi aniqlangani munosabati bilan 11 yanvardan O‘zbekistonga kirishda koronavirusga qarshi majburiy test topshirish tartibi joriy etganini ma’lum qilgandi.

Test topshirish narxi esa so‘m ekvivalentida 5 AQSh dollari miqdorida, talabalarga 50 foiz chegirma bilan belgilangan edi.

Ekspress test olish tartibi joriy qilinishi ortidan chegaralarda uzundan-uzun navbatlar yuzaga keldi va bu odamlarning noroziligiga sabab bo‘la boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent aeroportidan olingan videolavhalardan birida turnaqator navbatlar hamda yo‘lovchilar va aeroport xodimlari o‘zaro baxslashayotgani aks etgan. Tashrif buyuruvchilar testlarni olish va to‘lovlarni qabul qilish uchun yetarlicha joy mavjud emasligidan shikoyat qilib, odamlarning to‘planishi kasallik yanada tezroq tarqalishidan havotirda ekanligini bildirgan.

Jumladan, Davletovuz kanalida aeroportdan olingan video e’lon qilinib, u «omikronni yuqtirishga turilgan navbat», deya izohlandi.

16 yanvar kuni kechki payt Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bu kabi tanqidlarga o‘z rasmiy munosabatini e’lon qildi.

Bayonotda aytilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda kunlik kasallanish holatlari 8 barobarga oshgani tufayli, xavfning oldini olish maqsadida xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlarida koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari belgilangan.

Xizmatning qayd etishicha, 15 yanvar kuni Toshkent shahriga uchib kelgan 3801 nafar fuqarolardan ham test sinamalari olingan. Ularning barchasida manfiy PZR testi bo‘lganligiga qaramasdan 67 nafarida musbat natija aniqlangan. O‘zbekistondagi barcha chegara punktlari orqali shu kuni 15 041 nafar fuqaro o‘tgan. Ulardan 151 nafarida (1 foizida) koronavirusga musbat natija qayd etilgan.

Shuningdek, SES ekspress test narxi 5 AQSh dollari ekvivalentida belgilangani masalasiga to‘xtalar ekan, «bu dunyo ko‘rsatkichlariga nisbatan eng arzon narxlardandir», deya izoh bergan edi.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinish ko‘rsatkichi rekord darajani tashkil etmoqda. Xususan, 21 yanvar kuni — 1390 kishida, 22 yanvar kuni — qariyb 1,5 ming kishida virus aniqlangan edi. Yakshanba kuni ushbu ko‘rsatkich — 1296 gacha tushdi.