Chevrolet 2021 yilda Qozog‘iston avtomobil bozorida eng ko‘p sotilgan brendga aylandi, deb yozadi Spot.uz Forbes.kz`ga tayanib.

Chevrolet mashinalarining Qozog‘istondagi sotuvi o‘tgan yil mart oyidan boshlab keskin o‘sgandi. 2021 yilda brend mashinalari sotuvi ushbu mamlakatda 190 foizga oshgan.

So‘nggi bir yil ichida qozog‘istonliklar 117 590 ming dona yangi avtomobil sotib olishgan. Ulardan chorak qismi — 29 112 donasi Chevrolet mashinalari. Sotuvlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Hyundai, uchinchi o‘rinni Toyota egalladi.

2021 yilda Qozog‘istonda Cobalt eng ko‘p sotilgan bo‘lib, yil davomida 14605 ta ushbu modeldagi avtomobil sotilgan. Bu Qozog‘istonda sotib olingan har sakkizinchi yangi avtomobil hisoblanadi. Shuningdek, qozog‘istonliklar o‘tgan yilda 10809 dona Nexia, 9063 ta Hyundai Accent sotib olgan.

2021 yilning dastlabki 9 oyida UzAuto Motors eksportning 96 foizi Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi. Kuzatuvchilar 2020−2021 yillarda qozog‘istonliklar orasida yangi avtomobillarga talab oshganligini, shu sababli avtomobillar yetishmovchiligi boshlanganini ta’kidlashgan.

Shu bois “O‘zavtosanoat” Qozog‘iston bilan hamkorlikni kengaytira boshladi. 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “SarыarkaAvtoProm” dagi ishlab chiqarish liniyasiga qo‘shimcha ravishda “Allyur” kompaniyalar guruhi obyektlarida Nexia yig‘ishni tashkil etish rejalashtirilgan.

Qozog‘istonda yig‘ilgan Chevrolet avtomobillari mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar eksport reytingida ham birinchi o‘rinni egalladi. Xorijga (asosan Rossiya va O‘zbekiston) yetkazib berilgan 12,1 ming dona avtomobilning 4988 tasi shu markaga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Shimoliy Qozog‘iston viloyati politsiya xizmati 86 ta yangi Cobalt avtomashinasini xarid qilgani to‘g‘risida yozgan edik.