Joriy yilda avtobus parkining 35 foizi yangilanadi. Buning uchun 410 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, katta sig‘imli avtobuslar soni 2 barobar oshiriladi. Bu haqda 19 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev uchun o‘tkazilgan Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda qayd etildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

«Jamoat transporti tizimi poytaxtdagi o‘zgarishlardan orqada, — deya ta’kidlandi taqdimotda. — 350 ta avtobusning foydalanish muddati 10 yildan oshgan, 393 ta avtobus yetishmaydi. Tirbandliklar oqibatida avtobuslar orasidagi interval tig‘iz paytda 30 daqiqagacha yetmoqda».

«Avtobuslarning ko‘pi eskirgani, markaziy shohbekatlar yopilib, yo‘nalishlar o‘zaro samarali bog‘lanmagani oqibatida aholiga noqulaylik tug‘dirayotgan edi. Masalan, so‘nggi besh yilda poytaxtimiz aholisi 300 ming nafarga ko‘paygan, hududi ham kengaygan. Bundan tashqari, har kuni bir milliondan ortiq odam kelib-ketadi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, buning oqibatda yo‘lovchilar bu xizmatdan norozi bo‘lib, shaxsiy transportdan foydalanishga o‘tib ketmoqda. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 79 foizni, jamoat transportidan foydalanish darajasi esa bor-yo‘g‘i 21 foizni tashkil etmoqda.

Prezident aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi oldida turgan asosiy vazifa sifatida belgilab berdi. Shavkat Mirziyoyev bunda tizimli yondashuv va odamlar og‘irini yengil qilish maqsadi ustuvor bo‘lishi, barcha transport turlari — yo‘nalishli, temir yo‘l transporti va metro liniyalari, velosiped va piyodalar harakatiga mo‘ljallangan yo‘llarning uzviy bog‘liqligini ta’minlash va kompleks rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident hududlardan Toshkent shahriga kelishdagi asosiy yo‘llarda 10 ta zamonaviy shohbekat, yo‘lovchilar juda ko‘p bo‘ladigan 6 ta metro bekati yonida avtoturargohlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Joriy yilda «Qo‘yliq-Qipchoq» yerusti metrosi qurilishi ham yakunlanadi. Buning natijasida yengil avtomobildan foydalanayotgan 70 ming aholi uchun jamoat transportida yurishga qulay sharoit yaratiladi.

Bundan tashqari, davlat rahbari yo‘lovchilar oqimining kelgusi 5 yillik prognozidan kelib chiqib, jamoat transporti tizimining iqtisodiy-matematik modelini yaratish, Transport universiteti ilmiy salohiyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Toshkent shahrida transportlar soni yiliga 15 foiz o‘sib, kuniga 800 ming avtomobil harakatlanmoqda. 500 dan ortiq katta chorraha bo‘lib, aksariyatining o‘tkazuvchanlik darajasi past.

«Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas. Bularning hamda harakatlanish madaniyati pastligi oqibatida yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘lmoqda», — deya qayd etildi taqdimot davomida.

Prezident yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etish orqali mazkur chorrahalarda o‘tkazuvchanlik va qulaylikni oshirish kerakligini ta’kidladi. Bu yil 200 ta chorrahada harakatni transport oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy etilishi, 180 kilometr piyoda va velosiped yo‘laklari qurilishi, 2 ming avtomobilga mo‘ljallangan to‘xtash joylari tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, shaharda elektromobillar soni ko‘payib borayotganini hisobga olib, ular uchun quvvatlash stansiyalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Taqdimotda Toshkent shahrida jamoat transporti va transport infratuzilmasini Germaniya va Rossiyaning megapolislarni rivojlantirish borasidagi ilmiy asoslangan tajribasi asosida takomillashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shuningdek, jamoat transporti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, «Toshshahartransxizmat» korxonalarini moliyaviy auditdan o‘tkazib, transformatsiya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari sohani budjet va boshqa manbalardan tashqari davlat-xususiy sherikchilik asosida ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga poytaxtimizda jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqib, keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish topshirildi.

Istiqbolda barcha viloyat markazlaridagi jamoat transportini ularning aholi soni, yashash va ish joylari, rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqib poytaxt tajribasi va ilmiy yondashuv asosida takomillashtirilishi ta’kidlandi.