Toshkent shahridagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida bloger Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishi 20 yanvar kuni soat 11:00 da ko‘rib chiqish boshlanadi. Bu O‘zbekiston Oliy sudining interaktiv xizmatlar portalidagi ma’lumotlarda qayd etilgan.

Ochiq sud muhokamasi sudya Sardorbek Sodiqov raisligida bo‘lib o‘tadi.

Miraziz Bozorov Jinoyat kodeksining 139 moddasi 3 qismi «g» bandida (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilinsa, BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Jabrlanuvchilar tariqasida Shuhrat Zoyir o‘g‘li Musayev (bloger), Abror Muxtoraliyevich Abduazimov (O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi), Dmitriy Abdukarimovich Rasulov va Jahongir Zohidjonovich Salimovlar ko‘rsatilgan.

Miraziz Bozorov 28 mart kuni o‘z uyi oldida kaltaklangan. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u anime va K-pop muxlislarini poytaxt markaziga yig‘ilishga chaqirgan. Shu vaqtning o‘zida u yerda LGBT ga qarshi aksiya bo‘lib o‘tgan. Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo‘lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.

IIV bayonotiga ko‘ra, Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi «Hazrati Imom» masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. «Ta’kidlash kerakki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan», — deyilgandi xabarda.

Keyinroq poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent markazida ikki fuqaro kaltaklanganini tasdiqlovchi videoni e’lon qildi. Bir guruh erkaklar ko‘chadan o‘tayotganlarni LGBT tarafdorlari deb qabul qilishgan.

Bloger shifoxadan chiqqach, unga 29 aprel kuni tahminan soat 23:15larda Mirobod tuman sudi tomonidan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi. Uning advokati Sergey Mayorov esa sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritgan, biroq u qanoatlantirilmagan.

Juma kuni Toshkent shahar IIBB Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan) fotorobotini e’lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘radi.