12 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda Strategik rivojlanish agentligining faoliyati sarhisob qilinib, 2022 yilga mo‘ljallangan rejalari haqida axborot berildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Agentlik boshqarmalari shakllantirilgan, ularga yetakchi xorijiy universitetlarda o‘qigan, tashabbuskor va bilimli mutaxassislar jamlangan.

Agentlikning bu yilgi rejasidan 18 ta muhim tadbir o‘rin olgan. Investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmini joriy etish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya muhiti bo‘yicha hududlar reytingini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal qilish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish, Jahon banki bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish shular jumlasidandir.

«Bu Agentlik investitsiya hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Shu bois, hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha „yo‘l xaritasi“ ishlab chiqish, bunga xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilish davomida Strategik rivojlantirish bo‘yicha metodologiya yaratib, uni har bir hudud va tarmoqda joriy qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 19 iyul kuni prezident farmoni bilan tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalarni jalb etish hamda loyihalarni amalga oshirish masalalarini o‘rganuvchi Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning avgust oyida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov zimmasiga Strategik rivojlanish agentligi bosh direktori vazifasini bajarish yuklatilgandi.