7 yanvar kuni Toshkentdagi elektron auksionda radar va kameralar uchun 69 ta obyekt sotildi. Bu haqda E-auksion platformasi ma’lumotlariga tayanib Spot nashri xabar berdi.

obyektlarning umumiy boshlang‘ich bahosi 306,45 mln so‘m etib belgilangan edi. Auksion davomida ularning umumiy qiymati 68,5 barobarga oshdi va jami tushum 20,99 mlrd so‘mni tashkil etdi.

E’tiborlicha, uchaskalarning qariyb barchasi uchta xaridor tomonidan sotib olindi. Ularning biri jismoniy shaxs, qolganlari ikkita kompaniya — Microyol va 64-BIT. Savdolar ishtirokchilar stavkalarni doimiy ravishda oshirib borganlari hisobiga 10−11 soat davom etdi.

Eng ko‘p lotni 64-BIT (43 ta) sotib oldi. Oldin ham ushbu kompaniya radarlar uchun maydonlarni ham ommaviy ravishda sotib olgan edi. Microyol 7 ta uchastka, yakka jismoniy shaxs 19 ta uchastkani qo‘lga kiritdi. Eng qimmat obyekt — Bog‘ishamol ko‘chasi bo‘ylab hayvonot bog‘i yonidagi hudud — 750,06 mln so‘mga sotildi, bu boshlang‘ich bahodan 277,8 baravar qimmat hisoblanadi. Mazkur uchastka uchun taklif 12 soat 35 daqiqa davom etdi.

Shuningdek, Yusuf Xos Xojib — M.Yoqubov chorrahasidagi Italiya elchixonasi yonidagi uchastka 517,1 mln so‘mga sotildi. Bu hududning boshlang‘ich qiymati 4,05 mln so‘m bo‘lgan. Narx 127 barobarga oshgan.

Hammasi bo‘lib, kim oshdi savdosida 6 ta lot 100 va undan ortiq baravarga, yana 48 tasi esa 50 dan 100 baravarga qimmatlashgan. Faqatgina bitta lot atigi 10 daqiqada sotilgan. Bu Bog‘ishamol — Ming O‘rik chorrahasidagi uchastka bo‘lib, yagona taklif 2,835 mln so‘m bo‘lgan.

Radar o‘rnatiladigan joylarning auksion orqali sotilishi

Tadbirkorlarga 2021 yil 1 martdan boshlab avtomobil yo‘llarida foto va video fiksatsiya vositalarini o‘rnatishga ruxsat berildi. Elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga bunday joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi. Joylarning minimal qiymati esa IIV va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

2021−2022 yillarda respublika bo‘yicha jami 3356 ta intellektual videokamera va 763 ta statsionar radar, jumladan, Toshkentda jami 2574 ta foto va video registrator o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida onlayn kimoshdi savdosiga yana 270 ta radar va kamera o‘rnatish joylari chiqarilgani haqida xabar berilgan edi.