Alisher Usmonovning USM Holdings kompaniyasi sho‘ba korxonasi «Telekominvest» «Kapitalbank» aksiyadorlik jamiyati bankining qo‘shimcha aksiyalarini xarid qildi. Bu haqda «Toshkent» respublika fond birjasi xabarida ma’lum qilindi.

10 yanvar kungi birja savdolarida Alisher Usmonov kompaniyasi bankning 32,98 mln dona aksiyasini yoki ustav kapitalining 8,33 foizini sotib oldi. Endilikda ushbu kompaniya «Kapitalbank»ning 25 foiz ulushiga egalik qiladi.

2021 yilning noyabr oyida «Kapitalbank» 215,3 mlrd so‘mlik aksilarining qo‘shimcha emissiyasini joylashtirgan edi. Ushbu aksiyalarni «Telekominvest» MCHJ sotib olgan edi. Shundan buyon Usmonov kompaniyasi bankning 16,6 foiz aksiyasiga egalik qilib kelayotgandi.

2019 yilda Oybek Tursunovga qarashli Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank» bankining 40,13 mln dona (36 foiz) aksiyasini sotib olgandi. O‘sha yili mazkur bitim bank sektoridagi eng yirik kelishuvlardan biriga aylangandi.

2021 yil 1 noyabrdagi so‘nggi bitimdan keyin Promadik Invest affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilib, uning o‘rniga Oybek Tursunovning o‘zi qo‘shilgandi.

Keyinroq prezidentning kuyovi Oybek Tursunov «Kapitalbank» ustavidagi 112,49 mln aksiyalarini sotib olib, o‘zining jami ulushini 50 foizga yetkazgani haqida xabar berilgandi. Aksiyador bankning 112,49 mln aksiyalarini sotib oldi — bu qimmatli qog‘ozlar umumiy sonining 34,1 foizi degani. Bunga qadar u 52,43 mln donaga egalik qilib kelgan.

Spot nashriga ko‘ra, dekabr oyi oxirida «Kapitalbank» o‘z qimmatli qog‘ozlarini egalaridan har bir aksiya uchun 0,30 dollardan qaytarib sotib olishini e’lon qilgan. Sotib olish jarayoni 5 yanvarda boshlangan.