O‘zbekistonda chet elga ketgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi xususiy bandlik agentligining litsenziyalari vaqtincha to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular qatoridan Mirai recruitment agency, Specialist group va Jyonan-staff Business agentliklari joy olgan.

Ushbu agentliklar Mehnat vazirligining 2022 yil 5 yanvardagi tegishli qarorida belgilangan BHMning 8500 baravari (2 mlrd 295 mln so‘m) miqdoridagi mablag‘larni zaxira sifatida to‘ldirmagan.

Shu sababli bu xususiy bandlik agentliklarining litsenziyalari 10 kun muddatga vaqtincha to‘xtatilgan.

Avvalroq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi to‘rtta xususiy bandlik agentligi litsenziyasini bekor qilgandi.