Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi.

5 yanvar kuni idora raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi «Abu Sarhad» hamkor shirkati bilan «Umra — 2022» mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Muftiy Nuriddin Holiqnazarov (chapda). Foto: Musulmonlar idorasi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda umra safarini tashkil etish, hududlarda COVID-19 pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi xabarda.

Hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan umra safariga jo‘natiladi.

Saudiya Arabistoniga kirish uchun quyidagi vaksinalardan biri bilan emlangan shaxslargina mamlakatga kiritiladi: Pfizer, AstraZeneca, Moderna va Johnson & Johnson.

Musulmonlar idorasi aholiga umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo‘lishlari va safarni vakolatli tashkilot O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali ado etishlarini so‘ragan.