Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davom etayotgan namoyishlar fonida Olmaota shahri va Mangistau viloyatida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. U ikki hafta — 5 yanvardan 19 yanvargacha davom etadi.

«Vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va tartibni tiklash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida davlat rahbari Qasim-Jomart Toqayev Mangistau viloyati va Olmaota shahrida 2022 yil 5 yanvar kuni soat 1:30 dan 19 yanvar 00:00 ga qadar favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi», — deyiladi mamlakat yetakchisi saytida.

Bundan tashqari, Olmaota va Mangistauda soat 23:00 dan 7:00 ga qadar komendantlik soati joriy qilinmoqda. Favqulodda holat vaqtida shuningdek, kirish va chiqish, qolaversa, harakatlanishga cheklovlar qo‘yiladi va hujjatlar tekshiriladi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Xronologiya

2 yanvardan beri qo‘shni davlatda namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. U Qozog‘istonning Mangistau viloyati Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga (60 tengedan 120 tengega) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishi bilan boshlangan edi. Shundan keyin, namoyishlar Aktau viloyati markazida ham bo‘lib o‘tdi, so‘ngra Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton shahriga va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqala boshladi.

Avvalroq, prezident Qasim-Jomart Toqayev topshirig‘iga binoan muammoga «o‘zaro maqbul yechim» topish maqsadida Aqtauda hukumat komissiyasi ish boshladi. Seshanba kuni Mangistau viloyatida «Kazmunaygaz» «Kazmunagaz» milliy kompaniyasining ijtimoiy mas’uliyati doirasida suyultirilgan gaz narxi 50 tengegacha arzonlashtirilgani xabar berilgandi.

4 yanvar kuni kechqurun Telegram, WhatsApp va Signal internet-messenjerlari ochilmay qoldi.

Qozog‘iston prezidenti vatandoshlariga yo‘llagan videomurojaatida namoyishlar ishtirokchilarini «aql bilan ish ko‘rishga, ichki va tashqi ig‘volarga berilmaslikka, mitingchilar va o‘zboshimchaliklar eyforiyasiga uchmaslikka» chaqirdi. «Hukumat qulamaydi. Biroq, bizga mojaro emas, o‘zaro ishonch va muloqot kerak», — dedi u.