2022-yilning birinchi sutkasida 2316 nafar chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hiosoblanadi. Ma’lumot uchun, 2018 yilning xuddi shu kuni — 1961 nafar, 2019 yilda — 1708 nafar, 2020 yilda — 1974 nafar, 2021 yilda esa — 1644 nafar chaqaloq tug‘ilgan.

2022 yilning 1 yanvar kuni tug‘ilgan chaqaloqlarning 1118 nafari qiz, 1198 nafari esa o‘g‘il bola bo‘lib, eng ko‘p chaqaloq Samarqand viloyatida (270 nafar) tug‘ildi.

Shuningdek:

  1. Farg‘ona viloyati — 239 nafar,
  2. Namangan viloyati — 218 nafar,
  3. Surxondaryo viloyatida — 213 nafar chaqaloq dunyoga kelgan.

1 yanvar kuni tug‘ilish ko‘rsatkichi viloyatlar bo‘yicha quyidagicha qayd etildi:

  • Qashqadaryo viloyati — 210 nafar,
  • Andijon viloyati — 197 nafar,
  • Toshkent shahri — 177 nafar,
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 156 nafar,
  • Toshkent viloyati — 155 nafar,
  • Xorazm viloyati — 115 nafar,
  • Buxoro viloyati — 113 nafar,
  • Jizzax viloyati — 102 nafar,
  • Navoiy viloyati — 90 nafar,
  • Sirdaryo viloyati — 61 nafar.

Xabarga ko‘ra, dunyoga kelgan bolalarning 12 tasini ikki homilali, 1 tasini to‘rt homilali egizaklar (jami 28 nafar chaqaloq) tashkil qiladi.

Hozirda davom etayotgan dam olish kunlari mamlakatdagi qator tibbiyot muassasalari bilan birga, 238 ta tug‘ruq komplekslarida jami 3807 nafar tibbiyot xodimi, jumladan, 509 nafar akusher-ginekolog, 315 nafar neonatolog, 1159 nafar doya, 1824 nafar hamshira navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatayotgani aytildi.

Eslatib o‘tamz, 2021 yilning birinchi kunida O‘zbekistonda 1644 nafar chaqaloq tug‘ilgan edi.