«Gazeta.uz» tahririyati o‘zbekistonliklarning Yangi yil oldi bayram kayfiyati, bayramda yaqinlarini qanday sovg‘a bilan xursand qilmoqchi ekanliklari va o‘zlari uchun qanday sovg‘a kutayotganliklari, o‘tgan 2021 va kelayotgan yangi 2022 yil to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqib, o‘z o‘quvchilari orasida kichik so‘rovnoma tashkil qildi.

Nashrning Telegram kanallarida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan 700 nafardan salkam 2000 nafargacha bo‘lgan obunachilar savollar uchun taqdim etilgan javob variantlarini belgilashdi hamda o‘z izohlarini qoldirishdi.

Siz uchun Yangi yil bayrami kayfiyatini nima beradi?

Natijalarga ko‘ra, salkam 1700 nafar respondentlarning aksariyati — 60 foizi Yangi yil bayrami kayfiyatining asosiy manbai sifatida oila даврасини ko‘rsatishgan. Shuningdek, 21 foiz respondentlar uchun bezatilgan dasturxon, 17 foiziga bolalar, 15 foiziga esa bezatilgan archa, shuningdek, yangi yil musiqalari va kutilmagan sovg‘alar bayram kayfiyatini tuhfa qilar ekan.

Respondentlardan biri «ro‘yxatda olive qani» deya savol ham ko‘targan.

Shaxsiy hayotingizda 2021 yilning eng kutilmagan yoki esda qolarli hodisasi?

Shaxsiy hayotdagi yilning eng kutilmagan yoki esda qolarli hodisasi sifatida eng ko‘p — 21 foiz respondentlar yangi ish boshlaganliklarini, 15 foizi COVID-19`ga chalinganliklari va yana 15 foizi farzandli bo‘lganliklarini ko‘rsatishgan. Shuningdek, 10 foiz respondentlar savolga javoban va izohlarda yilning eng esda qolarli hodisasi sifatida talaba bo‘lganliklarini qayd etishgan. Ta’kidlash joizki, bunday hodisa sodir bo‘lmadi, deb javob berganlar ham bor — 19 foiz.

2022 yil qanday kutilmagan sovg‘alar bilan kelishini istaysiz?

Mazkur savolga 1800 ga yaqin obunachilar o‘z ovozlarini qoldirishgan. Natijalarga ko‘ra, ularning aksariyati — 34 foizi 2022 yildan yangi uy, 29 foizi esa pandemiya nihoyasiga yetishini kutishmoqda. Bundan tashqari, 25 foiz respondentlar yangi yilda ishli bo‘lish, 21 foizi sayohat qilish, 20 foizi farzandli bo‘lish, 14 foizi esa oila qurish istagida ekanlar.

Yangi yil bayramida ko‘proq kimdan sovg‘a kutyapsiz?

Mazkur savolga javoban 1300 ga yaqin respondentlar eng ko‘p qorbobodan (24 foiz), turmush o‘rtog‘idan (22 foiz) va ota-onalaridan (21 foiz) bayram sovg‘asini kutayotganliklarini bildirishgan. Shuningdek, respondentlar safida do‘stlaridan, farzandlaridan va hamkasblaridan Yangi yil sovg‘asini kutayotganlar ham yo‘q emas.

Yangi yil bayramida yaqinlaringizdan qanday sovg‘a olishni istar edingiz?

Qanday sovg‘a olish masalasida eng ko‘p — 256 ta ovoz (780 dan ortiq respondentning 32 foizi) pul variantiga berilgan. Shu bilan bir qatorda kichik farq bilan kitob varianti yetakchilar safida — 30 foiz. 24 foiz respondentlar esa shaxsiy kompyuter yoki gadjetlarni (telefon, planshet va h.k.) ma’qul deb topishgan. Bundan tashqari, nisbatan kam sonli respondentlar kiyim va maishiy texnika variantini tanlashgan.

Yangi yil bayramida yaqinlaringizni qanday sovg‘a bilan xushnud etish istagidasiz?

Bu borada eng ko‘p respondentlar kitob (31 foiz) hamda pul (31 foiz) sovg‘a qilishni ma’qul ko‘rishar ekan. Bundan tashqari, 18 foiz respondentlar o‘z yaqinlarini turli yegulik (shu jumladan, ichimliklar, shirinlik) va 15 foizi shaxsiy kompyuter yoki gadjetlar (telefon, planshet va h.k.) bilan quvontirish istagida ekanliklarini bildirishgan.