2021 yilning so‘nggi kunlarida O‘zbekistonning barcha hududlarida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

O‘zgidrometning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va boshqa janubiy hududlar aholisi kamdan kam hollarda Yangi yilni qor bilan kutib oladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 31 dekabr kuni Toshkentda yog‘ingarchilik o‘rtacha 4−5 yilda bir marta, 1 yanvar kuni esa — 2−3 yilda bir marta yog‘adi. Biroq, har doim ham bu yog‘ingarchiliklar qor shaklida bo‘lmaydi. Yangi yil kechasida qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik juda kamdan kam hollarda kuzatiladi.

Xabarda aytilishicha, bayram kunlarida kechqurun havo harorati 0−5 daraja iliq, kunduz kunlari esa 10−15 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

1−3 yanvarda respublikaning ayrim hududlarida vaqti-vaqti bilan biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi, tekislik hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 4 yanvarda O‘zbekiston hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi. Kechalari havo harorati 2−7° iliq, kunduz kunlari 1−3 yanvarda 10−15° iliq, 4 yanvarda esa 5−10° iliq atrofida bo‘ladi.

Ushbu kunlarda faqat respublikaning tog‘li hududlarida qor yog‘adi. 4 yanvarda ba’zi joylarda kuchli qor yog‘ishi mumkin. Bu kunlarda tog‘larda qishki ta’tilni o‘tkazishni rejalashtirgan aholi ehtiyot bo‘lishlari kerak, deyiladi xabarda.