O‘zbekiston ipoteka kreditlarini olish bo‘yicha reytingning oxirgi pog‘onalarini band qildi, deya xabar berdi Spot nashri Numbeo saytiga tayangan holda.

O‘zbekiston uchun ipoteka olish indeksi 0,28 ni tashkil etdi. Bu — ko‘rib chiqilayotgan 111 davlat orasida 104-, MDHda esa oxirgi o‘rin hisoblanadi. Qayd etilishicha, reytingga Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kiritilmagan.

Taqqoslash uchun, Qozog‘iston 0,7 ball bilan reytingning 71-pog‘onasini, Rossiya — 0,57 ball bilan 80-o‘rinni egalladi. MDHda eng yaxshi natijani Moldova ko‘rsatdi — 0,79 (65-o‘rin).

Ipoteka kreditlari hammabopligi bo‘yicha birinchi uchlikka Saudiya Arabistoni (5,1), AQSh (3,4) va Amerika hukumati tomonidan nazorat qilinadigan Puerto-Riko oroli (3,1) kirdi. Reytingni Eron 0,13, Argentina 0,09 va Gana 0,04 ball bilan yakunlamoqda.

Ipotekaning hammabopligi indeksi uy xo‘jaligi a’zosining o‘rtacha daromadining o‘rtacha narx bo‘yicha 90 kvadrat metr yashash maydoniga olingan ipoteka uchun haqiqiy oylik to‘lovga nisbati hisoblanadi.

Reytingda ipotekaning daromaddagi ulushi ko‘rsatkichidan foydalaniladi — mazkur ko‘rsatkichning teskari qiymati indeks hisoblanadi. Shunday qilib, Saudiya Arabistonida ipoteka kreditlari oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadning 19,6 foizini, AQShda — 29,4 foizini tashkil qiladi.

Qozog‘iston uchun ipotekaning daromadga nisbati 143,5 foizni tashkil etadi, ya’ni ipoteka oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromaddan deyarli bir yarim baravar yuqori.

O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich bir oila a’zosining o‘rtacha daromadidan 355 foiz — 3,5 barobar ko‘pdir. Bu shuni anglatadiki, ipoteka to‘lovlari butun oilaning daromadi bilan taqqoslanadi.

O‘zbekiston turar joy qiymatining yillik daromadga nisbatida ham yuqori ko‘rsatkichlar bilan ajralib turadi. O‘rtacha narxdagi 90 kv. m. maydondagi turar joy qiymatini 17 yilu 5 oyda ishlab topish mumkin.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev ipoteka dasturlari asosida ko‘proq uy-joylar qurishni topshirgani xabar qilingan edi. Shuningdek, mamlakatda qurilayotgan uy-joylar narxini arzonlashtirish maqsadida sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qilindi.