21−22 dekabrda O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududlaridan nam va sovuq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda, deb xabar berdi O‘zgidromet.

21 dekabrda shamol Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida 17−22 m/s gacha, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida 17−22 m/s gacha, ba’zi joylarda esa 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida kuchli shamol kutilmaydi.

21−22 dekabr kunlari respublikaning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi, tog‘ va tog‘ oldi hudularida kuchli yog‘ingarchilik bo‘ladi.

O‘zgidrometning qo‘shimcha qilishicha, 21 dekabrda Turkmaniston Respublikasi chegara hududlaridan changli bo‘ronlar kirib kelishi kutilayotganligi tufayli Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublikaning cho‘l hududlarida chang bo‘roni va g‘uborlar kuzatilishi mumkin.

Haftalik ob-havo ma’lumoti

Hafta davomida O‘zbekiston bo‘yicha ob-havo o‘zgaruvchan bo‘lishi kutilmoqda.

21 dekabrda respublika hududining katta qismida ob-havo sharoiti saqlanib turadi, faqat shimoliy hududlarga kunduz kuni va janubi-g‘arbiy hududlarga kechga tomon Kavkaz hududlaridan antitsiklon kirib kelishi boshlanadi. Ushbu hududlarning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kechasi …0…+5 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduz kuni +15…+18 daraja iliqqacha ko‘tariladi, shimolda +7…+12 daraja iliqdan yuqori bo‘lmaydi.

22 dekabrda kirib kelish sharqqa tomon siljiydi, hududning katta qismida kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarda yomg‘ir to‘xtaydi. Havo harorati kechasi +4…+9 daraja iliq, kunduzi +10…+15 daraja iliq bo‘ladi.

21−22 dekabrda sovuq havo kirib kelishida respublika bo‘yicha shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

23−24 dekabrda hududlarning katta qismida quruq va nisbatan iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning shimolida ob-havo sharoiti yana o‘zgaradi. Ushbu hududlarga Volga bo‘yi hududlaridan antitsiklon kirib keladi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Havo harorati kechalari 0…+5 daraja iliq, kunduzi 23 dekabrda — +8…+13 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 24 dekabrda respublika bo‘yicha +5…+10 daraja iliqni tashkil etadi, shimolda esa 0…+5 daraja iliqgacha pasayadi.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.