G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan Singapurning BMP Smart Decision kompaniyasi investorlik majburiyatlarini bajarmadi. Bu haqda Senatning navbatdagi yalpi majlisida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (video) ma’lum qildi.

Bog‘ning hozirgi ahvoli haqidagi savolni yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva berdi.

Poytaxt hokimi G‘afur G‘ulom bog‘i 2 yil avval investorga berilganini ta’kidladi.

“Bizga va prezidentga taqdim etilgan loyiha bo‘yicha kelishuvga asosan hech qaysi daraxtga tegilmasdan, sohil hududlarini qoldirish va rekonstruksiya qilish hamda qo‘shimcha yangi attraksionlarni o‘rnatishi ko‘rsatilgan. Lekin, bir yildan oshdi tadbirkor o‘ziga qo‘yilgan vazifalarni bajarmadi. Buni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilaman. Uni qayta ko‘rib chiqamiz”, — dedi hokim.

Shunga qaramasdan, senator Bahodir Tojiyev qurilish ishlari sabab ko‘plab daraxtlar kesib tashlanayotganini aytdi. Bundan tashqari, qurilish tufayli sug‘orish tizimi zarar ko‘rib, buning natijasida daraxtlarning qurib qolishi va kasalliklari soni ortayotgani ta’kidlandi. Misol uchun Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom bog‘ida 15 tup daraxt, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog‘ida 35 tup daraxt qurib qolgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi 670-f-sonli farmoyishi va Toshkent shahar hokimining 2019 yil 15 avgustdagi qarori (ikkala hujjat ham ochiq ma’lumotlar bazalarida mavjud emas) asosida G‘afur G‘ulom parki BMP Smart Decision kompaniyasiga ijaraga berilgandi. Kompaniya investitsiya majburiyatlari qatorida modernizatsiya qilish va “jahon standartlariga javob beradigan” zamonaviy bog‘ barpo etishi lozim edi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, BMP Smart Decision kompaniyasi 2019 yil 13 fevral kuni ustav fondi 1000 singapur dollari (729 dollar atrofida) bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Asosiy faoliyat turi — boshqa qurilish obyektlarini, (o‘yin majmualari), ikkinchi darajali faoliyati esa — mavzuli bog‘larni bunyod etishdan iborat. Singapur kompaniyasi asoschisi Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik Sherzod Xalimov bo‘lib chiqdi.

Toshkent hokimligi yana bir bor G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i fuqarolar dam olish joyi sifatida yashil zona bo‘lib qolishini ta’kidladi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘rnida turar-joy majmuasi yoki biznes-markaz quriladi, degan gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Avvalroq, 2019 yil sentabr oyida hokimiyat obyektni investorga topshirish bilan bog‘liq vaziyatni izohlab, G‘afur G‘ulom bog‘i rekonstruksiya qilinganidan keyin “jamoat uchun” bo‘lib qolishini, tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishini va “bitta daraxtga tegilmasligini” aytgan edi.