Toshkent viloyati hokimligi Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi bekor bo‘lmagani, aksincha kechiktirilgani haqida ma’lum qildi.

Viloyatning avvalgi hokimi Davron Hidoyatovning 3 noyabrdagi farmoyishi bilan yodgorlik majmuasi va kutubxona qurilishi uchun mahalliy budjetining joriy yil III chorak yakuni shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan jami 34,4 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan edi.

18 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi v.b. etib tayinlangan Zoyir Mirzayev o‘zidan oldingi hokimning mazkur farmoyishini bekor qildi. Bu haqda hokim imzolagan farmoyishda so‘z borgan.

Xususan, qurilish uchun ajratilgan 34,4 mlrd so‘m mablag‘ viloyat mahalliy budjetiga tiklangan holda, viloyatdagi nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylarini ta’mirlash uchun viloyat «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga o‘tkazib berish maqsadida 1,65 mlrd so‘m ajratilishi qayd etilgan.

«Bunda, viloyat hokimining 2021 yil 3 noyabrdagi 179−10−0-F/21-sonli farmoyishi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin», — deyilgan Zoyir Mirzayev imzo chekkan farmoyishda.

Viloyat hokimligi holatga rasmiy munosabat bildirib, farmoyish bekor qilinmagani, aksincha, boshqa qarzdorliklarni bartaraf etish uchun kechiktirilganiga ishontirmoqda.

Ta’kidlanishicha, hokimlik tomonidan yil yakuniga qadar amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim tadbirlar ko‘lamini inobatga olib, 2021 yil davomida Toshkent viloyati mahalliy budjeti daromadlarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar uchun ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi tahlil qilingan.

Natijada, joriy yil yakuniga qadar Toshkent viloyati sobiq hokimining (Davron Hidoyatov) farmoyishiga asosan ajratilgan mablag‘larni belgilangan tadbirlar bo‘yicha hisob-kitoblar va loyihalashtirish ishlari yakuniga yetmaganligi sababli o‘zlashtirish imkoni mavjud emasligi aniqlangan:

  • hokimning 2021 yil 23 apreldagi 144-f-son farmoyishiga asosan kameralar uchun;
  • 2021 yil 30 apreldagi 157-f-son farmoyishiga asosan kichik sanoat zonasida ichimlik va oqava suv tarmoqlarini ulash uchun;
  • hokimning 2021 yil 3 noyabrdagi farmoyishiga asosan Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish uchun.

budjet kodeksiga asosan moliyaviy majburiyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy moliya yili doirasida amalga oshirilishi belgilangani sababli, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi bilan kelishilgan holda yuqoridagi tadbirlarga ajratilgan mablag‘lar qisman chegirilganи aytilmoqda.

«Shuningdek, viloyatda „Obod qishloq“ va „Obod mahalla“ dasturlari doirasida pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmiga nisbatan qarzdorliklar shakllangan bo‘lib, chegirilgan mablag‘lar viloyatda olib borilayotgan va moliyalashtirilishi zarur bo‘lgan boshqa maqsadlar hamda kreditor qarzdorliklarni bartaraf qilishga yo‘naltirilishi belgilab olindi», — deyiladi xabarda.

Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish bo‘yicha farmoyish bekor qilinmagan. Aksincha, joriy yil moliya yili davomida ajratilgan mablag‘larning ishlatilmagan qismidan samarali foydalanish va boshqa qarzdorliklarni bartaraf etish uchun chegirib olingan, deyiladi hokimlik xabarida.

Ushbu obyektga keyinchalik aniq hisob-kitoblarga asosan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgani qo‘shimcha qilingan.

34,4 mlrd so‘mlik loyihaning bekor qilinganini jamoatchilik faollari qatorida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham ijobiy deb baholagandi. «Biroq boshqa viloyatlarda bo‘lganidek Toshkent viloyati uchun ham alohida xotira maydoni bunyod etish masalasi kun tartibidan yo‘qolmasligi kerak», — degandi u.