«Yashil makon» milliy dasturi doirasida Toshkent viloyatidagi «Amirsoy» tog‘-chang‘i majmuasi hududida «Diplomatlar bog‘i»ni tashkil etildi, deya xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

10 dekabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov hamda xorijiy davlatlarning diplomatik muassasalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari birgalikda archa, mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini o‘tqazishgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum daraxt ekish juda muhimligi, bu atmosferadagi mumammolarni kamaytirishini ta’kidladi.


Pokiston elchisi Said Ali Asad G‘iloniy esa bu uning O‘zbekistondagi ilk o‘tkazgan ko‘chati ekanini ma’lum qilgan. Ruminiya elchisi Daniyeel Kristian Choban esa bu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.

«Bu kelajakni asrab qolish uchun bir imkoniyat. Barcha elchilar shu yerda, ular daraxt ekishyapti», — dedi Turkiya elchisi Olgan Bekar.

Diplomatlar Amirsoyga qilgan sayohatidan eng qiziqarli va kerakli qismi ko‘chat ekkani bo‘lganini ta’kidlashgan.

Noyabr boshida Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qilgandi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» deb e’lon qilindi.