12 dekabrdan Humo Air aviakompaniyasi Farg‘ona — So‘x — Farg‘ona yo‘nalishida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dastlabki bosqichda haftasiga ikki marotaba yo‘lovchi tashuvlari uchun muntazam parvozlar amalga oshiriladi.

Parvozlar haftaning dushanba va juma kunlari Farg‘ona — So‘x yo‘nalishida soat 10:00da va So‘x — Farg‘ona yo‘nalishida soat 12:00da bajarilishi rejalashtirilgan. Aviaqatnovlar AN-2 samolyotlarida amalga oshiriladi. Parvoz davomiyligi 30 daqiqani tashkil etadi.

Yo‘lovchilar aviachiptalarni Farg‘ona, Andijon va Namangan aeroportlari hamda So‘x tumani hokimiyati binolarida xarid qilish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, Uzbekistan Airways matbuot xizmati 17 dekabrdan boshlab Samarqand aeroportidan aviaqatnovlar tiklanayotganini ma’lum qildi.

Samarqand xalqaro aeroporti ochilishi munosabati bilan quyidagi qatnovlar tiklanadi:

  • Samarqand-Moskva-Samarqand;
  • Samarqand-Istanbul-Samarqand;
  • Samarqand-Olmaota-Samarqand;
  • Samarqand-Sankt-Peterburg-Samarqand.

Chiptalarni aviakompaniyaning rasmiy saytidan, «Airways Sales» filialidan yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Samarqand xalqaro aeroporti 10 dekabrdan mintaqaviy va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatishni boshlashi haqida xabar berilgandi.