Aprelda Bosh prokuraturaning 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov vafot etgandi. Uning otasi qonunda belgilangan tartibda nafaqa pullari to‘lab berilmagani uchun Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qilgandi.

Avgust oyida birinchi instansiyada uning da’vosi rad etilgan. Shundan so‘ng, marhumning otasi apellyatsiya shikoyati kiritgan edi.

Toshkent shahar sudi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu apellyatsiya shikoyati 12 noyabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rish boshlangan.

Ishni ko‘rish jarayonida IIV Tibbiyot boshqarmasi, Bosh prokuraturadan olti nafar xodim va o‘sha kuni bo‘limda ish o‘rganishda bo‘lgan Harbiy prokuratura apparati xodimi, Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi, SSV, Shayxontohur tuman prokuraturasi, Mirobod tumani prokuraturasi xodimlari jalb etilgan.

Shuningdek, RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasidan, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi, Davlat mehnat huquq inspeksiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mirobod tumani budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasilari vakillarning ko‘rsatmalari eshitilib, yozma ma’lumotlar va tegishli hujjatlar olingan.

Ishni ko‘rishda marhum S. Raxmonovning xotini N. Raxmonova ishga jalb qilinmagani, uning huquq va majburiyatlari tushuntirilmagani aniqlangan.

Birinchi instansiya sudida ish ko‘rilishi mobaynida marhumning otasida uning manfaatlarida sudga murojaat qilish va ishtirok etish huquqini beruvchi ishonchnoma bo‘lmagani, qolaversa, A. Raxmonovning o‘zi boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa olish huquqiga ega shaxslar doirasiga kirmasligi ma’lum qilindi.

Shu sababli, 6 dekabr kuni sudlov hay’atining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborildi.

Bundan tashqari, ishni ko‘rish chog‘ida qonunchilik buzilganligi, ishni puxta o‘rganmaganligi sababli 6 dekabr kuni sudlov hay’atining ajrimi bilan RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasining boshlig‘i hamda Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasining boshlig‘iga nisbatan xususiy ajrimlar chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Bosh prokuratura matbuot xizmatining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov yurak xuruji sabab vafot etgandi. Avgust oyiga kelib uning otasi Bosh prokuratura ustidan arz qilgani haqida yozgan edik.

Ish FIB Mirobod tumanlararo sudining 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Raxmanovning (marhumning otasi) ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi. Da’vogar mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Noyabr oyi o‘rtalarida Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha Mehnat vazirligi va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga tegishli tartibda xabar bermaganini ma’lum qildi.