Toshkent viloyatida xususiy korxonaning qariyb 500 mln so‘mlik daromadini talon-toroj qilganlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Bektemir tumanidagi «H.» MCHJ tomonidan Pokiston va Eron davlatlaridan O‘zbekistonga meva-sabzavot mahsulotlari import qilinib, sotuvga chiqarilgan. Aniqlanishicha, ushbu sotuvdan tushgan 489,7 mln so‘mni korxonaning moddiy javobgar shaxsi B.Q. va boshqalar oldindan til biriktirib o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.