The Lancet ilmiy jurnalida argentinalik olimlarning «Sputnik V» vaksinasi ta’sirida paydo bo‘lgan antitanachalarning uzoq muddatli tahliliga bag‘ishlangan tadqiqotlari natijalari e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Daily Afisha.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot doirasida olimlar Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlangan Tukuman shahri aholisini kuzatganlar. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, antitanachalarning yetarli darajasi emlanganlarning atigi 31 foizida saqlanib qolganligi aniqlangan.

Tadqiqotda ko‘ngilli ravishda 602 kishi (shundan 66 foizi ilgari COVID-19 bilan kasallanmagan) ishtirok etganligi aytilmoqda. «Sputnik V» bilan emlangandan so‘ng, ulardan faqat 25 foizida yengil nojo‘ya ta’sirlar qayd etilgan. Virusga antitanachalar birinchi dozadan keyin ko‘ngilli emlanganlarning 48 foizida, ikkinchi dozadan keyin esa 97,6 foizida aniqlangan.

Kuzatuvlarga ko‘ra, ikki oydan keyin antitanachalar darajasi pasayishni boshlagan, biroq aksariyatida (94 foiz) emlashdan keyin uch oygacha saqlanib qolgan. Olti oy o‘tgach, ko‘ngilli emlanganlarning atigi 31 foizida COVID-19 ga immun javob berish uchun yetarli miqdorda antitanachalar saqlanib qolganligi aniqlandi.