Toshkent hokimligiga Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil oxirigacha poytaxt bosh rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish vazifasi topshirildi. Mazkur topshiriq Vazirlar Mahkamasining 19 noyabrdagi «2021−2024 yillarda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga ko‘chirilayotgan aholi punktlarini kompleks rivojlantirish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida aks etdi.

Hujjatga muvofiq, xuddi shu muddatda hokimlik Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlar uchun batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishi lozim.

Poytaxt va viloyat chegaralarini o‘zgartirish avgust oyida Senat tomonidan ma’qullangan edi. Kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida Toshkent viloyatining 7853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, poytaxtning 171,3 gektar yeri Toshkent viloyatiga o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, qarorda hokimlik zimmasiga manfaatdor vazirliklar, idoralar va loyiha institutlari bilan birgalikda ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash loyihalarini 2021−2024 yillarda aniqlangan talablar hamda bosh reja asosida amalga oshirish ketma-ketligini belgilab olib, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, shahar hokimligi va Qurilish vazirligiga davlat maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalarini qurish uchun aholiga qulay bo‘lgan joylardan tekin yer uchastkalari yoki binolar ajratib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berib o‘tilgan.

Bosh rejani tayyorlash muddati bir necha bor qoldirilgan edi

2012 yil yozida Toshkent shahri va uning atrofi bosh rejasining 2030 yilgacha hisoblangan texnik-iqtisodiy asoslari muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi.

2018 yilning avgustidagi prezident farmonida poytaxtning tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi «tartibsiz qurilishlarga olib kelmoqda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayapti, shuningdek, poytaxtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda», deya qayd etilgan edi.

Shahar hokimiga 2018 yil 1 oktabrga qadar bosh reja konsepsiyasining loyihasi hamda bosh rejaning o‘zini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazish topshirildi.

2019 yilning fevral oyida poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sobiq birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov (hozirgi Chirchiq shahar hokimi) Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi o‘sha yilning apreliga qadar 3D formatda tayyorlanishi haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, u loyihani yaratish ustida Xitoy, Turkiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ish olib borayotganini qayd etdi.

Keyinchalik belgilangan muddatlar ortga surildi — ishlab chiqishda turk kompaniyasi ishtirok etgan hujjat 2020 yilda taqdim etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Qurilish vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov (hozirgi uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri) 2020 yil dekabr oyida Toshkentning bosh rejasini ishlab chiqish 2022 yil oxirigacha yakunlanib, aholiga taqdim etilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ushbu muddat hukumat tomonidan tasdiqlangan muddatga mos keladi.

Prezidentning 2020 yil noyabrdagi qarori bilan 2025 yilgacha O‘zbekistonning barcha shaharlari va shahar posyolkalarining to‘rtdan bir qismini bosh rejalar bilan qamrab olish belgilangan. Bunda loyiha hujjatlari jamoatchilik muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanishi lozim.