Adliya vaziri Ruslanbek Davletov juma kuni Telegram orqali bo‘lib o‘tgan audio podcast vaqtida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aynan qanday chora-tadbirlarni ko‘rish kerakligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning fikricha, korrupsiya — «O‘zbekiston rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgan eng katta xavflardan bittasi». Korrupsiyani keskin kamaytirishning birgina chorasi esa, bu — kompleks yondashuvdir. Ruslanbek Davletov biryoqlama yondashuv, jumladan, faqat jazoni og‘irlashtirish — o‘lim jazosini joriy qilish yoki faqat diniy ta’limni kuchaytirish bilan ish bitmaydi, degan fikrda. Muammoni hal etish yo‘lida «agressiv kadr siyosat"ini yuritish hamda mamlakat rivojiga milliy madaniyatdagi qaysidir jihat to‘sqinlik qilsa, undan voz kechish kerak.

«Gazeta.uz» vazirning e’tiborga molik fikrlarini bir joyga jamladi.

«O‘lim jazosini kiritgan bilan korrupsiya o‘zidan-o‘zi yo‘qolib ketmaydi»

Bir g‘oyani kiritib turib, korrupsiyani shu bilan yengamiz degani, bu — yanglish fikr. Masalan, ko‘plar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lim jazosini kiritish kerak, deydi. Birinchidan, o‘lim jazosini kiritgan bilan korrupsiya o‘zidan-o‘zi yo‘qolib ketmaydi.

Transparency international tashkilotining korrupsiya bo‘yicha reytingida ham eng yuqori natijaga erishgan davlatlarning birontasida o‘lim jazosi yo‘q.

Hamma korrupsiyani yengish bo‘yicha eng muvaffaqiyatga erishgan davlat deb Singapurni misol qilib keltiradi. Singapurda korrupsiya uchun 5 yilgacha jazo bor. Eng og‘irlashtiruvchi holatlarda maksimum 7 yilgacha chiqishi mumkin. Bizda lekin [Jinoyat kodeksida] 210-modda pora olish bo‘yicha 3-qismlarida 15 yilgacha jazo bor. 15 yil kammi jazo uchun?

Gap jazoning katta-kichikligida emas, jazoning muqarrarligida. Katta baliqlar, kichik baliqlar deb yaxshi nom berishgan, bu yerda jazo muqarrarligi eng katta omillardan bittasi.

Ikkinchidan, yana bir yanglish [fikr], oyliklarni oshirish kerak deyishadi. Davlat xizmatidagi xodimlar oyligini ko‘targaningiz bilan nohalol xodim siz oldin berayotgan oyligingizdan ko‘proq oylikni oladi-da, shu ishini davom ettiraveradi. Ya’ni bu yerda oylik oshirish bilan parallel ravishda bu sohadagi biznes jarayonlarini tahlil qilish kerak.

«Agressiv kadr siyosati»

Avvalo korrupsiyaga nima olib kelyapti, degan savolga javob topish kerak. Mana biz notariat sohasida qanday qilsak bo‘ladi, deb rosa o‘ylaganmiz. Shunaqa [korrupsiyaga] botib ketgan, hamma norozi deganda biz yangi 70 ta mexanizm kiritganmiz. Hisob berish tizimidan tortib, tekshiruvchilar kim, qanday, nimani tekshiryapti, nimaga talablar qo‘yilgan, ularni yo‘qotish, ularning [notariuslarning] o‘zlariga imkoniyatlar yaratish, ishlash sharoitini yaxshilash bilan birga so‘rovni qattiq qo‘yishni boshlaganmiz.

Agressiv kadr siyosatini yuritish kerak. Agressiv kadr siyosati degani, bu — boshini olib tashlash degani.

FHDYO hokimiyat tizimidan Davlat xizmatlari agentligiga o‘tgandan keyin attestatsiya o‘tkazdik. Kechirasizku, katta-katta hududlarda 50 foiz xodimlar attestatsiyadan o‘tmadi. Masalan, xalqqa xizmat qilayotgan bo‘g‘in birdan yarimga kamayib qolsa, u yerda muammo bo‘ladi-ku, uzilishlar kelib chiqadi-ku deganda ham biz shunga chidadik. Qiyin bo‘lsa ham shuni qilamiz, dedik.

Bunday kompetensiyaga, bilimga ega bo‘lmagan xodimlardan voz kechish juda to‘g‘ri narsa. Chunki ulardan sizga ko‘proq zarar keladi. Xalqni xafa qiladi, mensimaydi, gaplashmaydi, yoniga chiqib masalasini hal qilmaydi, qabul qilmaydi. Bundan xodimlarni ushlab o‘tirish nimaga kerak? Undan ko‘ra, vakant turgani yaxshi. Agressiv kadr siyosati degani mana shu bo‘ladi.

Notariatda ham, Davlat xizmatlari tizimida ham xuddi shu ishni qildik. Ikki yil oldin Toshkent shahar davlat xizmatlari tizimida ham biz 45 foiz attestatsiyadan [o‘tmagan] xodimlarni haydadik. Shunda ham biz hammasini ideal deyayotganimiz yo‘q. Bu jarayon davom etadi. Agressiv kadr siyosatimiz orqali bu sohani tozalaymiz.

«Diniy ta’lim»

Ko‘plar aytadi [korrupsiyaga qarshi kurashishda] diniy ta’lim kerak, deydi. Diniy ta’lim bersak, odamlarni xarom-halolga o‘rgatsak, bu foyda bo‘ladi, deydi. Bu masalada ham cheklovlar bor. Diniy ta’lim berayotgan davlatlar juda ko‘p. Tug‘ilganidan diniy ta’lim beradi, halol-xaromni ham Islom dini bo‘yicha o‘rgatadi. Lekin qani natijasi?

Diniy ta’limga chuqur berilib, hamma narsasini boshidan ta’lim sohasiga ham kiritib, bir natijaga erishgan davlat, jamiyatni bilmayman. Korrupsiya bilan bog‘liq tahlillarimizda biz buni ko‘rmaganmiz. Ya’ni bu kompleks bo‘lishi kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda diniy ulamolarni ham jalb qilib, gaplarini ijtimoiy reklama qilib, televideniyalarga ham tarqattirganmiz. Bu ma’lum bir nuqtai nazardan, ma’lum bir vaqtda, ma’lum bir auditoriga ta’sir qiladi. Lekin bu masalani 100 foiz hal qilmaydi. Shuning uchun qandaydir bir komponentni, yo‘nalishni olib, mana shu narsa korrupsiyani yengishga kafolat bo‘ladi, deyish noto‘g‘ri.

«Madaniyat korrupsiyaga ta’sir qiladi»

O‘zbekistondagi jamiyatda — bir-birimizga yaqinligimiz, qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik — bor narsa. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Urug‘-aymoqchilik, buni «Tribalism» deydi. Traybalizm juda katta ta’sir qiladi. Oldin ham aytgan edim, agar bizni rivojlanishimizga ta’sir qiladigan madaniy qandaydir hislatlarimiz bo‘lsa, bundan voz kechish kerak.

To‘ylar bo‘yicha juda ko‘p gapiramiz-ku, qayerdan kelgan bunaqa dabdaba, xislatlar? Bu haqda ham jamoatchilik gapiryapti-ku.

Oldin «kolxoz» raisini chaqirmaguncha to‘yga ruxsat berilmagan. Hozir ham «hokimiyatdagilarni chaqirish kerak, «kollektiv"imni, rahbarlarimni chaqirishim kerak» deydi. Buning hammasi — shaxsiy munosabatlar.

Mana Xitoy yaqinda sudyalar, prokurorlar, advokatlar orasida umuman shaxsiy munosabat bo‘lishi mumkin emas degan qonun qabul qildi. Ya’ni ular sud zalida, ishda munosabatga kirishishi kerak. Ishdan tashqari shaxsiy munosabat mumkin emas, to‘liq taqiqlandi. Nimaga? Chunki bu narsa hammayoqda bor.

Biz gaplashganimizda aytishgan, Janubiy Koreyaning madaniyati ham huddi shunaqa. Bir-biriga yaqinlik, bir-biriga yordam bermasa bo‘lmaydi, katta qarindoshi rivojlansa «sen nimaga yordam bermaysan, Xudo sening rizqingni bergan, shuning hisobiga sen bizga ham yordam berishing kerak», degan narsalar, buning hammasi — madaniyat. Kechirasizku, mana shu narsalar ta’sir qiladi. Bu o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketmaydi.

Sovg‘asi ham, xizmat safariga borgandagi choy berishi ham shunga olib keladi. Xizmatdan tashqarida bironta qadam bosdimi, bitta muzqaymoq olib berdimi, bu — men aytayotgan muomalani keltirib chiqadi.

Bu yerda mas’uliyat nimadan iborat bo‘lish kerak? Qadriyatlarda, albatta, hukumat ko‘proq o‘ylab, jamiyatni bunga safarbar qilib, baribir asosiy institutsional yondoshib, mana shu masalani kompleks hal qilishi kerak.

O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashishda juda murakkab fenomen sifatida qarab, katta-katta tadqiqot institutlari ishlashi kerak. Sotsiologik markazlar ishlashi kerak, insonlarni xatti-harakatini tahlil qilish lozim. Hammasi ilmiy asoslangan bo‘lishi kerak.

«Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov tayyorladi.