Prezident Shavkat Mirziyoyev Istanbul yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida o‘tayotgan Turkiy kengash sammitidagi nutqida Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev “Afg‘onistondagi hozirgi murakkab vaziyat barchaning e’tibor markazida turganini” aytib o‘tdi.

“Ushbu mamlakatning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, uning terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbdir. Afg‘onistonning yangi hukumati bilan muloqotlarda yondashuvlarimiz umumiy va yakdil bo‘lishi lozim”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

17 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Afg‘onistonning yangi hukumati bilan dialog qilishga chorladi va xorijiy banklardagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi.

21 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi chiqishida esa u “Afg‘onistonni yakkalab qo‘yish mumkin emas"ligini va mamlakatni katta muammolar bilan yolg‘iz qoldirish kerakmasligini ta’kidlagan edi.

oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev har kuni unga Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat haqida ma’lumot berishlarini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston jafokash afg‘on xalqiga qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor. “Bizning yagona maqsadimiz — O‘zbekistonga Afg‘onistondan o‘q otilmasin”, — deya ta’kidlagan edi prezident.